Logo

«Ipotekabank» aksiyadorlariga 1 trln so‘mga yaqin dividend to‘lab berdi

Kecha 22:302 daqiqa

Oddiy aksiyalar bo‘yicha dividendlar 2020 yildan buyon ilk bor to‘landi. Dividend olganlar orasida jismoniy shaxslar ham bor. Bank yarim yillikda O‘zbekiston bank tizimidagi eng yuqori — qariyb 1,4 trln so‘mlik sof foyda olgandi.

«Ipotekabank» aksiyadorlariga 1 trln so‘mga yaqin dividend to‘lab berdi

«Ipotekabank» aksiyadorlariga jami 943,25 mlrd so‘m dividend to‘lab berdi. Bu haqda bankning Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilingan axborotida ma’lum qilindi.

Dividendlarni to‘lash 4-iyulda boshlanib, 30-iyulda yakunlangan. Bank hisoblangan mablag‘ning 100 foizini aksiyadorlarga o‘tkazgan va dividendlar bo‘yicha qarzdorlik qolmagan.

Dividend to‘lash to‘g‘risidagi qaror 2026 yil 3-iyunda bo‘lib o‘tgan aksiyadorlarning yillik umumiy yig‘ilishida qabul qilingandi.

Shundan 941,24 mlrd so‘m oddiy aksiyalar, yana 2,01 mlrd so‘m imtiyozli aksiyalar bo‘yicha taqsimlangan. Oddiy aksiyalarning har biriga 0,225 so‘mdan, imtiyozli aksiyalarga esa 0,25 so‘mdan dividend to‘langan.

Bu oddiy aksiyaning nominal qiymatiga nisbatan 22,5 foizni tashkil qiladi. Qaror e’lon qilingan paytdagi bozor narxiga nisbatan dividend daromadliligi taxminan 7,2 foizga teng edi.

Dividend olish huquqiga 2026 yil 25-may holatiga shakllantirilgan aksiyadorlar reyestriga kiritilgan shaxslar ega bo‘ldi. Fond bozoridagi T+2 hisob-kitob tizimi inobatga olinsa, dividend olish uchun aksiyalarni kamida 21-may kuni xarid qilish kerak edi.

Bu yerda gap aynan oddiy aksiyalar haqida bormoqda. «Ipotekabank» ular bo‘yicha oxirgi marta 2020 yilda dividend to‘lagan. Shu tariqa, bank 6 yillik tanaffusdan so‘ng oddiy aksiyadorlar o‘rtasida foydani taqsimlash amaliyotiga qaytdi.

Bankning 1-iyun holatidagi aksiyadorlik tarkibiga ko‘ra, aksiyalarning 72,89 foizi Vengriyaning OTP Bank’iga tegishli. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 17,49 foiz, Xalqaro moliya korporatsiyasi esa 8,7 foiz ulushga ega.

Shu sababli dividendlarning asosiy qismi OTP Bank hissasiga to‘g‘ri keladi. Toshkent fond birjasida bank aksiyalarini sotib olgan minoritar investorlar ham dividend olgan.

Ipotekabank eng ko‘p foyda ko‘rmoqda

2023 yili xususiylashtirilgan «Ipotekabank» 2026 yilning birinchi yarmini 1 trln 388,7 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunladi. Bu O‘zbekiston banklari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Taqqoslash uchun, bank o‘tgan yilning mos davrida 392,5 mlrd so‘m zarar ko‘rgandi. Bir yil ichida uning moliyaviy natijasi 1 trln 781 mlrd so‘mga yaxshilangan.

Bunda kreditlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlar uchun ajratilgan zaxiralarning kamayishi muhim rol o‘ynadi. 2025 yilning birinchi yarmida bu maqsadga qariyb 3 trln so‘m yo‘naltirilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 969 mlrd so‘mgacha qisqardi.

OTP Bank tomonidan sotib olingach, «Ipotekabank»ning muammoli kreditlari qayta ko‘rib chiqilib, ular bo‘yicha katta miqdorda zaxiralar yaratilgandi.

Shu sababli foydadagi keskin burilishni faqat bank biznesining o‘sishi bilan izohlab bo‘lmaydi — zaxira xarajatlarining kamayishi ham natijaga sezilarli ta’sir qilgan.

To‘langan dividend miqdori bankning joriy yil birinchi yarmidagi sof foydasining qariyb 68 foiziga teng. Biroq dividendlar 2026 yilgi foydadan emas, avvalgi davrlarda shakllangan taqsimlanmagan foyda hisobidan to‘langan.

Oddiy aksiyalar bo‘yicha dividendlarning qayta tiklanishi va rekord foyda bankning moliyaviy holati yaxshilanganini ko‘rsatmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

«Ipotekabank» aksiyadorlariga 1 trln so‘mga yaqin dividend to‘lab berdi | Vaqt.uz