O‘zbekistonda qoidabuzar haydovchilarga nisbatan jazo keskin kuchaytirilishi mumkin
Qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilar nafaqat yirik jarima, balki avtomobilidan ham vaqtincha ayrilishi mumkin.

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol buzgan haydovchilar uchun javobgarlik keskin kuchaytirilishi mumkin. Bu masala O‘zLiDeP fraksiyasi deputatlari tomonidan ko‘rib chiqildi.
Fraksiya yig‘ilishida «Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilingan.
Avtomobilni vaqtincha olib qo‘yish taklif qilindi
Loyihaga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda yangi «avtomototransport vositasini vaqtincha olib qo‘yish» jazo chorasi joriy etiladi.
Ayrim qo‘pol qoidabuzarliklarni sodir etgan shaxslarning transport vositalari sud qarori asosida 6 oydan 1 yilgacha muddatga jarima maydoniga joylashtirilishi mumkin.
Voyaga yetmaganlarga mashina boshqaruvini topshirish uchun ham jazo kuchaytirilishi mumkin
Loyihada voyaga yetmagan shaxsga transport boshqarishni topshirish, noqonuniy poygalarda ishtirok etish, tezlikni keskin oshirish, mast holda transport boshqarish kabi holatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, tezlikni belgilangan me’yordan 80 km/soatdan ortiq oshirish uchun transport boshqarish huquqidan mahrum qilish va 26,8 million so‘mgacha jarima qo‘llash taklif etilmoqda.
Voyaga yetmagan shaxsga transport boshqarishni topshirish og‘ir oqibatlarga olib kelgan hollarda esa jinoiy javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
Poygalar tashkil etish tartibi ham belgilanmoqda
Shuningdek, yo‘l bezoriligi, mast holda transport boshqarish, noqonuniy poygalar tashkil etish va boshqa xavfli harakatlarga nisbatan ta’sir choralarini kuchaytirish rejalashtirilmoqda.
Qonun loyihasida poygalar faqat maxsus ajratilgan hududlarda, xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda sport tadbiri sifatida o‘tkazilishi belgilanmoqda.





