O‘zbekiston farovonlik bo‘yicha jahon reytingida 94-o‘rinni egalladi
Mamlakatning eng past ko‘rsatkichi iqtisodiy erkinlik bo‘yicha qayd etildi. Fikrni erkin bildirish imkoniyati bo‘yicha ham past natijani oldi. Eng yaxshisi esa mahalliy jamoalardagi ijtimoiy aloqalar mustahkamligi bo‘ldi.
© Foto: Asia-Plus«Legatum Prosperity Index 2026» jahon farovonlik reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston 161 davlat orasida 94-o‘rinni egalladi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida eng yuqori natijani Qozog‘iston (66-o‘rin) qayd etgan. Keyingi o‘rinlarda Qirg‘iziston (87), Tojikiston (129) va Turkmaniston (150) joylashgan. 2026-yilgi reytingda Shveysariya birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Eritreya 161-o‘rin bilan ro‘yxatning eng oxirida qayd etilgan.
Reyting ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning eng yaxshi natijasi mahalliy jamoalardagi ijtimoiy aloqalar mustahkamligi bo‘yicha qayd etilgan. Bu ko‘rsatkichda mamlakat 19-o‘rinda turibdi. Unda odamlar o‘rtasidagi ishonch, o‘zaro yordam, jamoat hayotidagi ishtirok, jinoyatchilik darajasi va mahalliy hokimiyatga munosabat baholanadi.
Ta’lim sohasida O‘zbekiston 37-o‘rin, oilaviy munosabatlar barqarorligi bo‘yicha 59-o‘rinni egalladi. Aholi salomatligi bo‘yicha mamlakat 83-o‘rin, turmush darajasi bo‘yicha esa 103-o‘ringa joylashdi.

Eng past ko‘rsatkich iqtisodiy erkinlik bo‘yicha qayd etildi. Bu yo‘nalishda mamlakat 136-o‘rinni egallagan. Fikrni erkin bildirish imkoniyati bo‘yicha ham past natijani olgan bo‘lib (131-o‘rin), ko‘rsatkich fuqarolar, jurnalistlar va jamoat tashkilotlarining hokimiyat pozitsiyasidan farq qiluvchi fikrlarni erkin bildirish imkoniyatini baholaydi.
Davlat boshqaruvi samaradorligi va halolligi bo‘yicha O‘zbekiston 77-o‘rin, xavfsizlik, zo‘ravonlikdan himoya va huquqiy institutlar faoliyatini qamrab oluvchi fuqaroviy tinchlik bo‘yicha 105-o‘rinni egalladi.
Reytingning uchta asosiy yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston:
rivojlanish — 90-o‘rin;
erkinlik — 126-o‘rin;
jamiyat — 52-o‘rinni egallagan.
«Legatum Prosperity Index» mamlakatlar farovonligini faqat daromadlar bilan emas, balki rivojlanish, erkinlik va jamiyat kabi keng qamrovli mezonlar asosida baholaydi. Reytingni tuzishda Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi, BMT, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YUNESKO, Gallup, V-Dem va boshqa xalqaro tashkilotlarning 150 dan ortiq ko‘rsatkichlaridan foydalaniladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda farovon yashash uchun oyiga qancha pul kerakligi haqida yozgan edik.





