Toshkentda «Energetika xavfsizligi oyligi» boshlandi
450 dan ortiq xodimdan iborat guruhlar ishga jalb etildi.

Toshkent shahrida energiya resurslarini behuda sarflash va ulardan noqonuniy foydalanishga chek qo‘yish bo‘yicha keng ko‘lamli tadbirlarga start berildi. Mazkur jarayonlarga 450 dan ortiq xodimdan iborat kuchaytirilgan guruhlar jalb etilgan.
Xabar berilishicha, 31-iyul kuni Yunusobod tumanida o‘tkazilgan yo‘riqnomada Toshkent shahar prokurori, IIBB boshlig‘i hamda shahar hokimi o‘rinbosari tomonidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berilgan.
Asosiy ustuvor yo‘nalishlar va tekshiruv tartibi
Tadbir doirasida bir qator ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ish olib boriladi. Xususan, Prezident qaroriga muvofiq energiya samaradorligini oshirish va noqonuniy foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘riladi. Shuningdek, yirik o‘g‘irlik holatlarini fosh etish va resurslar yo‘qotishi yuqori bo‘lgan tumanlarda tekshiruvlar o‘tkazilishi belgilangan.
Bundan tashqari, elektron tizimlar orqali hisoblagichiga tashqi ta’sir o‘tkazilgan yoki aloqaga chiqmayotgan «shubhali» iste’molchilar manzilli ravishda o‘rganiladi.
«Ushbu kompleks chora-tadbirlar poytaxtda energiya resurslari talon-toroj qilinishining oldini olib, halol iste’molchilarni barqaror ishlaydigan tizim orqali elektr hamda gaz bilan ta’minlashga xizmat qiladi», — deyiladi rasmiy xabarda.





