Logo

«Andijon polkasi»ning Ginnes rekordlari kitobiga kirishi davlat budjetiga 730 mln so‘mga tushgan

Bugun 15:251 daqiqa

Ginnes rekordlari kitobiga kiritilgan «Andijon polkasi» uchun viloyat budjetidan 730 mln so‘m ajratilgani ma’lum bo‘ldi.

«Andijon polkasi»ning Ginnes rekordlari kitobiga kirishi davlat budjetiga 730 mln so‘mga tushgan © Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati

«Andijon polkasi» raqsini Ginnes rekordlari kitobiga kiritish uchun Andijon viloyati budjeti hisobidan 730 mln so‘m ajratilgan. Bu haqda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov imzolagan qarorda belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, mablag‘ viloyat budjetining 2026-yil uchun zaxira jamg‘armasi hisobidan viloyat Madaniyat boshqarmasiga o‘tkazilgan. Qaror 22-iyun kuni qabul qilingan.

Unda qayd etilishicha, ajratilgan mablag‘ «Andijon polka» raqsini Ginnes rekordlari kitobiga kiritish bilan bog‘liq tashkiliy va boshqa xarajatlarni qoplash uchun yo‘naltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, «Andijon — Turk dunyosining madaniy poytaxti — 2026» xalqaro tadbiri doirasida bir vaqtning o‘zida 20 ming ishtirokchi «Andijon polkasi» raqsini ijro etgan va natija rasman Ginnes rekordlari kitobiga kiritilgan edi. Sertifikat Ginnes vakili tomonidan Andijon viloyati hokimiga topshirilgan.

Mazkur tadbir arafasida Andijon viloyatining Asaka tumanida tadbirga yo‘l olgan maktab o‘quvchilari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan edi. Oqibatda bir o‘quvchi halok bo‘lgan, bu esa jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid

«Andijon polkasi»ning Ginnes rekordlari kitobiga kirishi davlat budjetiga 730 mln so‘mga tushgan | Vaqt.uz