Yarim yilda O‘zbekiston chetga importdan qariyb uch barobar ko‘p meva-sabzavot sotdi
2026-yilning dastlabki olti oyida O‘zbekistondan 1 mln 86,7 ming tonna meva-sabzavot mahsuloti 872,9 mln dollar qiymatda eksport qilinib, 325,7 mln dollarlik meva va sabzavot import qilindi. Natijada bu mahsulotlar eksporti qiymat jihatidan importdan qariyb uch barobar yuqori bo‘ldi. Xususan, iyun oyining o‘zida 350,7 ming tonna meva-sabzavot eksport qilinib, undan 237,1 mln dollar tushum olindi.
© Foto: producereport.comJoriy yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston jami 1,09 million tonna meva-sabzavot mahsulotlari xorijga eksport qildi. Ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 0,8 foizga yoki 8,5 ming tonnaga ko‘proq.
Meva-sabzavot eksporti qiymat jihatidan 872,9 mln dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 foizga ko‘p bo‘lib, ushbu toifadagi mahsulotlar umumiy eksportning 5,5 foizini tashkil etdi. O‘zbekistonga yilning birinchi yarmida 325,7 mln dollarlik meva-sabzavot import qilingan. Bunda iyun oyining ulushi 41,7 mln dollarni yoki yarim yillik importning 12,8 foizini tashkil etdi.
Iyun oyidagi eksport ko‘rsatkichlari
Joriy yil iyun oyida O‘zbekistondan 350,7 ming tonna meva-sabzavot mahsuloti eksport qilinib, undan 237,1 mln dollar tushum bo‘lgan. Taqqoslash uchun, yilning dastlabki besh oyida eksport hajmi 736 ming tonna, uning qiymati esa 635,8 mln dollarni tashkil etgandi. Iyun oyining hissasi yarim yillik eksport hajmida 32,3 foizni, qiymatida esa 27,2 foiz.
Shu oyda O‘zbekistonga 41,7 mln dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari import qilindi. Natijada eksport importdan 195,4 mln dollarga ko‘p bo‘ldi. Shunday qilib, iyun oyida eksport qiymati importdan qariyb 5,7 barobar yuqori bo‘ldi.
Sabzavotlar eksporti
Yarim yilda asosiy o‘sish sabzavotlarni chetga sotish hisobiga to‘g‘ri keldi. Ushbu mahsulotlar eksporti 454,9 ming tonnadan 504,3 ming tonnagacha oshgan bo‘lsa, qiymati 156,5 mln dollardan 190,3 mln dollarga yetdi. Sabzavotlar orasida eng katta ulush piyoz hissasiga to‘g‘ri keldi. Uning eksporti 277,5 ming tonnani tashkil etib, qiymati 82,1 mln dollarga yetgan. Taqqoslash uchun, 2025-yilning mos davrida 262,9 ming tonna piyoz 73,7 mln dollarga pullangan edi.
Shuningdek, boshqa sabzavotlar eksportida ham o‘sish kuzatildi. Karam, pomidor, sabzi va sarimsoqni chetga sotish bo‘yicha ko‘rsatkichlar quyidagicha:

Mevalar eksporti
Mevalar va rezavorlar eksportida esa pasayish kuzatildi. Ushbu mahsulotlar hajmi 198,2 ming tonnadan 158,5 ming tonnagacha qisqargan bo‘lsa, qiymati 250,4 mln dollardan 240,6 mln dollarga tushib, 3,9 foizga pasaydi. Xususan, gilos eksporti 34 ming tonnadan 25,2 ming tonnagacha, qiymati 71,9 mln dollardan 59,9 mln dollargacha kamaydi. O‘rikni xorijdagi xaridorlarga sotish hajmi deyarli ikki barobar qisqarib, 54,1 ming tonnadan 25,2 ming tonnani tashkil etdi. Uning qiymati esa 40,7 mln dollardan 30,5 mln dollarga tushdi.
Quritilgan uzum eksporti hajmi deyarli o‘zgarmay, 47 ming tonnadan 47,7 ming tonnagacha yetgan bo‘lsa-da, qiymati 62,9 mln dollardan 58 mln dollarga kamaydi. Aksincha, shaftoli sotuvi ham hajm, ham qiymat bo‘yicha o‘sgan. Mahsulot yetkazib berish 32,9 ming tonnadan 35 ming tonnagacha, qiymati esa 31,4 mln dollardan 37,2 mln dollargacha ko‘paydi.
Quritilgan olxo‘ri eksporti 22 ming tonnadan 15,9 ming tonnagacha kamayganiga qaramay, uning qiymati deyarli o‘zgarmadi va 29,8 mln dollarni tashkil etdi. Quritilgan o‘rik esa eng yuqori qiymat o‘sishini qayd etdi: eksport hajmi 8,1 ming tonnadan 9,4 ming tonnagacha oshgan bo‘lsa, qiymati 13 mln dollardan 25,2 mln dollarga yetdi. Tarvuz va qovun eksporti 144,8 ming tonnadan 128,6 ming tonnagacha kamaygan bo‘lsa-da, tushum 34,3 mln dollardan 41 mln dollargacha oshdi. Yeryong‘oq va yong‘oqlar eksporti hajmi deyarli o‘zgarmadi — 12,2 ming tonnadan 12,4 ming tonnagacha, biroq qiymati 29,3 mln dollardan 28,3 mln dollarga pasaydi.
Mosh eksporti ham ijobiy o‘sishni ko‘rsatdi. Uning hajmi 32,8 ming tonnadan 35 ming tonnagacha, qiymati esa 30 mln dollardan 33,3 mln dollargacha oshdi. Boshqa mahsulotlar eksporti esa 235,2 ming tonnadan 248 ming tonnagacha ko‘paygan bo‘lsa-da, qiymati 346,6 mln dollardan 339,3 mln dollarga kamaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq haftalik narxlar tahlilini e’lon qilgan edik. Unda ayrim meva va sabzavotlar narxida sezilarli o‘zgarishlar qayd etilgandi. Xususan, sabzavotlardan karam (2,7 foiz) va mevalardan limon (0,5 foiz) qimmatlagan bo‘lsa, pomidor (10,5 foiz) hamda uzum (3,1 foiz) narxi pasaygan edi.
Muallif: Diyora Habibullayeva





