Logo

Soliq qo‘mitasi sun’iy intellektga asoslangan AI SOLIQ platformasini ishga tushirdi

Bugun 10:402 daqiqa

Yangi platforma orqali tadbirkorlar bir necha soniyada korxonasining soliq holatini tahlil qilishi, soliq imtiyozlari, xavf omillari va hisobotlar bo‘yicha sun’iy intellektdan tavsiyalar olishi mumkin.

Soliq qo‘mitasi sun’iy intellektga asoslangan AI SOLIQ platformasini ishga tushirdi
  • Soliq qo‘mitasi sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan AI SOLIQ yagona raqamli platformasini taqdim etdi. Platforma tadbirkorlar, buxgalterlar va tashkilot rahbarlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, real vaqt rejimida soliq ma’lumotlarini tahlil qilish hamda zarur tushuntirishlarni olish imkonini beradi.

AI SOLIQ nimalarni taklif qiladi?

2026-07-31 10.31.44 AM

Platforma orqali foydalanuvchilar bir necha soniya ichida:

●     korxonasining soliq holatini tahlil qilishi;

●     elektron hisobvaraq-fakturalarning yuqori xavf toifasiga tushish sabablarini aniqlashi;

●     soliq reytingi bo‘yicha izoh olishi;

●     amaldagi soliq imtiyozlari haqida ma’lumot olishi;

●     soliq hisobotlari va boshqa soliq ma’murchiligi masalalari yuzasidan sun’iy intellekt tavsiyalarini olishi mumkin.

Barcha xizmatlar chat-muloqot shaklida ishlaydi va foydalanuvchiga tezkor hamda amaliy javoblarni taqdim etadi.

Hozircha uchta xizmat mavjud

Hozirda platformada uchta asosiy intellektual servis ishlamoqda.

«AI Korxona» xizmati korxonaning soliq holatini kompleks tahlil qiladi, muammoli jihatlarni aniqlaydi, ularning ehtimoliy sabablarini ko‘rsatadi hamda soliq ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha amaliy tavsiyalar beradi.

«AI Imtiyozlar» xizmati esa tadbirkor foydalanishi mumkin bo‘lgan soliq imtiyozlarini tahlil qilib, ularni qo‘llash shartlari va imkoniyatlarini tushuntiradi.

Bundan tashqari, sun’iy intellekt asosidagi soliq maslahatchisi foydalanuvchilarning soliq hisobotlari, qonunchilik va ma’murchilikka oid savollariga javob beradi. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, yaqin vaqt ichida yana ikkita AI-servis ishga tushiriladi.

Рисунок1

Ma’lumotlar xavfsizligi qanday ta’minlanadi?

Soliq qo‘mitasining ta’kidlashicha, platformaga kirish elektron raqamli imzo (ERI) orqali amalga oshiriladi. Foydalanuvchi faqat o‘z tashkilotiga oid ma’lumotlarni ko‘ra oladi, uchinchi shaxslarning ma’lumotlariga kirish imkoniyati mavjud emas.

Shuningdek, sun’iy intellekt tavsiyalari yordamchi xarakterga ega bo‘lib, yakuniy yuridik qarorlar vakolatli mutaxassislar tomonidan qabul qilinadi.

Ichki jarayonlarda ham AI ishlatilmoqda

Qo‘mita ma’lum qilishicha, sun’iy intellekt texnologiyalari nafaqat soliq to‘lovchilar uchun, balki idoraning ichki faoliyatida ham joriy etilmoqda. AI tizimlari katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, boshqaruv qarorlarini qabul qilish va soliq ma’murchiligi samaradorligini oshirishda qo‘llanmoqda.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida mamlakatda soliq tushumlari qariyb besh barobar oshib, 2016 yildagi 3,9 mlrd dollardan 2026 yilda 20 mlrd dollarga yetgan. Shu davrda qo‘mita tomonidan 47 ta axborot tizimi va 92 ta interaktiv xizmat joriy etilgan. «Soliq» mobil ilovasidan 18 million foydalanuvchi foydalanmoqda. Elektron hujjat aylanishi ham sezilarli kengaygan bo‘lib, tizim orqali yiliga 55 millionta elektron hisobvaraq-faktura qayta ishlanadi, har oy o‘rtacha 3,5–4 millionta elektron hisob-faktura qabul qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid