Markaziy Osiyo turizm o‘sishida dunyoda birinchi bo‘ldi
2025 yilda Markaziy Osiyo turizm o‘sishi bo‘yicha barcha mintaqalarni ortda qoldirdi. Eng ko‘p sayohat qilingan mamlakat esa O‘zbekiston bo‘ldi.
© Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva2025 yilda Markaziy Osiyo turizm sohasining iqtisodiyotga qo‘shgan hissasi o‘sishi bo‘yicha dunyoda eng yuqori natijani qayd etdi. Bu haqda Jahon sayohat va turizm kengashi (WTTC) hisobotida ma’lum qilindi.
Hisobotga ko‘ra, o‘tgan yili turizmning mintaqa iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasi 20,1 mlrd dollarga yetgan. Bu Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotining 4,3 foizini tashkil etadi. Taqqoslash uchun, 2019 yilda ushbu ko‘rsatkich 15,8 mlrd dollar bo‘lgan. Shu tariqa pandemiyadan oldingi davrga nisbatan o‘sish 27,1 foizga yetgan.
Faqat 2025 yilning o‘zida turizmning iqtisodiyotga qo‘shgan hissasi 17,7 foizga oshgan. Bu Shimoli-sharqiy Osiyodagi 8,7 foiz va Janubi-sharqiy Osiyodagi 7,6 foizlik o‘sishdan ancha yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Sayyohlar xarajatlari oshdi
WTTC ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Markaziy Osiyoda xorijiy sayyohlar sarflagan mablag‘ 26,4 foizga ko‘paygan. Turizm sohasiga kiritilgan investitsiyalar 12,4 foizga, sohada band bo‘lganlar soni esa 9,5 foizga o‘sgan.
Hozirda turizm sohasida 1,7 mln nafar kishi mehnat qilmoqda. Bu mintaqadagi har 17 ta ish o‘rnidan biri turizm hissasiga to‘g‘ri kelishini anglatadi. Prognozlarga ko‘ra, 2036 yilga borib bu ko‘rsatkich 2,2 mln nafarga yetadi.
2025 yilda sayyohlar Markaziy Osiyo bo‘ylab jami 15,4 mlrd dollar sarflagan. Shundan 9,9 mlrd dollar xorijiy, 5,5 mlrd dollar esa mahalliy sayyohlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Barcha xarajatlarning 84,5 foizi dam olish va ko‘ngilochar sayohatlar, 15,5 foizi esa ishbilarmonlik safarlari bilan bog‘liq bo‘lgan.
O‘zbekiston eng ommabop yo‘nalish
Hisobotda qayd etilishicha, Markaziy Osiyo aholisi xorijiy sayohatlar uchun eng ko‘p O‘zbekistonni tanlagan. Mintaqa aholisining barcha xorijiy safarlarining 25 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston 23 foiz, Qirg‘iziston 18 foiz, Rossiya 16 foiz va Turkiya 6 foiz bilan qayd etilgan.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyoga kelgan xorijiy sayyohlarning 29 foizi Qozog‘iston, 22 foizi O‘zbekiston, 20 foizi Rossiya va 19 foizi Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgan.
Mutaxassislar mintaqada turizmning jadal o‘sishini tarixiy shaharlarga qiziqish ortishi, tog‘ va ekologik turizm rivojlanayotgani, aviaqatnovlar kengayishi hamda viza tartiblarining soddalashtirilishi bilan izohlamoqda.
Prognozlarga ko‘ra, 2026 yilda turizmning Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasi 21,7 mlrd dollarga yetishi mumkin.





