Logo

Mirziyoyev va To‘qayev Ozarboyjonning Markaziy Osiyo formatiga qo‘shilishi haqida gapirdi

Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan norasmiy uchrashuvda Markaziy Osiyo va Ozarboyjon davlat rahbarlari mintaqaviy hamkorlikni muhokama qildi.

Mirziyoyev va To‘qayev Ozarboyjonning Markaziy Osiyo formatiga qo‘shilishi haqida gapirdi © Foto: president.uz

Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida Markaziy Osiyo va Ozarboyjon davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjonning davlat rahbarlari maslahat uchrashuvlariga qo‘shilishi ahamiyati haqida fikr bildirdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror o‘zaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi – makromintaqaviy darajaga olib chiqmoqda.

«Biz uchun Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va yaqin qo‘shnimiz – Afg‘onistonni birlashtiruvchi yagona taraqqiyot makonini shakllantirish borasida tarixiy imkoniyat ochilmoqda. Bu fursatdan to‘liq foydalanib, birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan Yevroosiyoning qoq markazida o‘zaro bog‘liqlik va yaxshi qo‘shnichilikni barqaror rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishimiz zarur», — dedi Mirziyoyev.

To‘qayev ham bu fikrni qo‘llab-quvvatladi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham Ozarboyjonning maslahat uchrashuvlarida to‘laqonli ishtirokchi sifatida qatnashishi format rivojida yangi bosqichni boshlab berishini qayd etdi.

«Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli siyosiy muloqotni yanada chuqurlashtirish, investitsiyalar, energetika, sanoat sohalarida hamkorlikni kengaytirish, yagona transport-logistika tizimini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda», — deb bayonot berdi Qozog‘iston prezidenti.

To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillar davomida mintaqa ichidagi savdo hajmining izchil o‘sishi kuzatilmoqda, ishbilarmonlik aloqalari kengayib, qo‘shma korxonalar tashkil etilmoqda, qo‘shma investitsiya loyihalari amalga oshirilib, gumanitar aloqalar mustahkamlanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid