add

Ekoqo‘mita bog‘ barpo etib, jarimaga tortilgan fuqaro tomonida ekanini bildirdi

Kecha 13:5515782 daqiqa

Toshkentda tashlandiq hududni bog‘ga aylantirgan fuqaroga nisbatan qo‘llangan jarima yuzasidan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi rasmiy munosabat bildirdi.

Ekoqo‘mita bog‘ barpo etib, jarimaga tortilgan fuqaro tomonida ekanini bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida bir fuqaro tashlandiq hududni obodonlashtirib, yashil bog‘ barpo etgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, ko‘rsatilgan hudud — 36 sotix yer maydonida fuqarolik tashabbusi bilan kichik bog‘ tashkil etilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hudud avvaldan Qo‘mitaning Toshkent shahar boshqarmasi nazoratida bo‘lib, muntazam monitoring qilib borilgan. Ilgari bu joyda turli chiqindilar to‘plangan bo‘lsa, keyinchalik mahalliy aholi tashabbusi bilan tozalanib, yashil maskanga aylantirilgan.

Hozirgi kunda bog‘ hududida 246 tup manzarali va mevali daraxt hamda butalar ekilgan. Barcha ko‘chatlar «Yashil makon» umummilliy loyihasining elektron platformasiga kiritilgan va Qo‘mita nazoratida saqlanmoqda.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi mazkur tashabbusni ijobiy baholab, uni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 199-sonli Farmoniga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslar avtomobil va temir yo‘llar bo‘ylab, shuningdek, bo‘sh yer maydonlarida bog‘lar tashkil etish huquqiga ega. Shu bilan birga, bunday tashabbuskorlarga yer uchastkasini 10 yilgacha muddatga foydalanish uchun berish imkoniyati ham nazarda tutilgan.

Mazkur holatda bog‘ yaratish ilgari chiqindixona bo‘lgan hududni obodonlashtirishga xizmat qilgan. Shuningdek, ma’lum bo‘lishicha, fuqaro dastlab mahalla fuqarolar yig‘iniga murojaat qilgan va 300 ga yaqin aholi bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlab, hasharda ishtirok etgan.

Qo‘mita Toshkent shahrida ekologik muhitni yaxshilash yo‘lida bunday fuqarolik tashabbuslari alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan ishlar davom ettirilishini bildirgan.

Tahririiyadan: Ekologiya qo‘mita biroq fuqaroga solingan jarima taqdiri nima bo‘lishi haqida ma’lumot bermagan. Ya’ni, shunday tashabbus bilan chiqqan fuqarolarning ishini ekologlar ma’qullayversa, mahalliy hokimiyat sudga berib jarimaga tortaversa ezgu tashabbus bilan chiqishlarning payi qirqilmaydimi?

Teglar

Mavzuga oid