Eron Oliy rahnamosi oyatulloh Xomanaiy o‘ldirilgani aytilmoqda

01.03.2026 | 01:292 daqiqa

Eronning 36 yildan ortiq vaqt davomida mutlaq hukmdori bo‘lgan oyatulloh Ali Xomanaiy Isroilning Tehronga aviazarbasi natijasida halok bo‘lgani haqida rasman tasdiqlanmagan xabarlar tarqalmoqda.

Eron Oliy rahnamosi oyatulloh Xomanaiy o‘ldirilgani aytilmoqda

Eron Oliy rahnamosi, 86 yoshni qarshilagan oyatulloh Ali Xomanaiy Isroil harbiy havo kuchlarining uning qarorgohiga bergan zarbasi natijasida halok bo‘lgan. Bu haqda Isroilning «12-kanali» xabar berdi va ushbu ma’lumotni «Reuters» agentligi ham ismi sir qolishini istagan Isroil rasmiysiga tayanib tasdiqladi.

«Axios» muxbiri Barak Ravidning yozishicha, Isroilning AQSHdagi elchisi Yehiel Leyter allaqachon Amerika rasmiy doiralarini Xomanaiyning o‘limi haqida rasman xabardor qilgan. Ushbu voqea mintaqadagi harbiy harakatlarning eng yuqori nuqtasiga aylandi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlanganidan keyingi ilk telemurojaatida Ali Xomanaiy yo‘q qilinganini ehtimol qilgan edi.

«Biz 36 yildan ortiq vaqt davomida butun dunyoga terrorizm yoygan, o‘z xalqini baxtsiz qilgan tiran Xameneining boshpanasini yo‘q qildik. Bu zolim endi yo‘qligidan dalolat beruvchi ko‘plab belgilar mavjud», — dedi Netanyahu.

 

Hokimiyatni topshirish rejasi

Eron Oliy rahnamosining o‘limi Eron ichidagi va mintaqadagi kuchlar muvozanatini butunlay o‘zgartirib yuborishi kutilmoqda. Xomanaiy nafaqat diniy rahnamo, balki mamlakatdagi barcha strategik qarorlar, jumladan yadroviy dastur va tashqi siyosatning asosiy me’mori edi. Uning yo‘q qilinishi Islom Respublikasi mavjudligi davridagi eng katta siyosiy va harbiy yo‘qotish bo‘ladi.

O‘tgan yilgi Isroil zarbalaridan so‘ng Xomanaiy o‘zi vafot etgan taqdirda hokimiyatni topshirishning maxsus tizimini belgilab qo‘ygan edi. «NYT» nashrining yozishicha, u shaxsan o‘zi tayinlaydigan har bir harbiy va davlat lavozimi uchun to‘rt bosqichli vorislik rejasini ishlab chiqqan. Bu tizim to‘satdan yuzaga kelgan boshqaruv vakuumini to‘ldirish va rejim barqarorligini saqlab qolishga qaratilgan edi. Boshqa yuqori lavozimli rahbarlarga ham o‘zlariga to‘rttagacha voris topish vazifasi topshirilgan.

Ushbu rejadagi eng muhim figura Milliy xavfsizlik oliy kengashi rahbari, Islom inqilobi muhofizlari korpusining sobiq qo‘mondoni Ali Larijoniy hisoblanadi. U Xomanaiyning eng yaqin va ishonchli odamlaridan biri sifatida ko‘riladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Larijoniy allaqachon mamlakat boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan va amaldagi prezident Mas’ud Pizishkiyonni ikkinchi planga surib qo‘ygan.

Oyatulloh Ali Xomanaiy 1989 yildan buyon Eron Oliy rahnamosi lavozimini egallab kelayotgan edi. Uning boshqaruvi davrida Eron G‘arb bilan doimiy qarama-qarshilikda bo‘ldi va yadroviy salohiyatini oshirishga intildi. Isroil bilan o‘n yilliklar davom etgan «sovuq urush» endi ochiq va halokatli to‘qnashuv bosqichiga o‘tdi.

Teglar

Mavzuga oid