add

Eron qurol eksportida kriptovalyutaga o‘tishni taklif qildi

Bugun 17:292 daqiqa

Tehron G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tish maqsadida raketa va dronlar uchun kriptovalyuta orqali to‘lov qabul qilishga tayyorligini bildirdi.

Eron qurol eksportida kriptovalyutaga o‘tishni taklif qildi

Eron Mudofaa vazirligining eksport markazi — Mindex xorijiy davlatlar hukumatlariga ilg‘or qurol-yaroq tizimlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar taklif qilmoqda. To‘lov vositasi sifatida kriptovalyuta va Eron riyollari qabul qilinishi, shuningdek barter asosida kelishuvlar tuzilishi mumkin. Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu davlat darajasida strategik harbiy texnikani eksport qilishda kriptovalyutani rasman to‘lov vositasi sifatida qabul qilishga tayyor ekanini ochiq bildirgan ilk holat hisoblanadi. Bu orqali Eron hokimiyati AQSH va Yevropa tomonidan joriy etilgan moliyaviy cheklovlarni chetlab o‘tishga urinayotgani ta’kidlanmoqda.

Mindex ma’lum qilishicha, markaz hozirda 30–35 ta davlat bilan hamkorlik qiladi. Qurol-yaroqlar katalogiga Emad turidagi ballistik raketalar, Shahed dronlari, Shahid Soleimani sinfidagi harbiy kemalar hamda qisqa masofali havo mudofaasi tizimlari kiritilgan. Shuningdek, saytda o‘qotar qurollar va kemalarga qarshi qanotli raketalar ham taklif etilmoqda.

G‘arb davlatlari va BMT ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur qurollarning ayrim turlari Yaqin Sharqda Eron qo‘llab-quvvatlaydigan guruhlar tomonidan qo‘llanib kelinmoqda. Mindex esa xaridorlar qurollardan “boshqa davlat bilan urush davomida” foydalanish bo‘yicha belgilangan shartlarga rozi bo‘lishi lozimligini bildirgan. Biroq ushbu shartlar muzokara jarayonida o‘zgarishi mumkinligi ham qayd etilgan.

An’anaviy moliyaviy tizimlar orqali Eronga to‘lov amalga oshirgan tomonlar AQSH, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaning ikkilamchi sanksiyalariga duch kelishi mumkin. AQSH hukumati rasmiylari avval ham Eronni neft savdosi va “soyadagi banklar” orqali raqamli aktivlardan foydalanganlikda ayblagan.

Stokgolm xalqaro tinchlik muammolarini tadqiq etish instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Eron qurol-yaroq eksporti hajmi bo‘yicha dunyoda 18-o‘rinni egallagan bo‘lib, Norvegiya va Avstraliyadan ortda qolgan.

Teglar

Mavzuga oid