Eron va Ummon Ho‘rmuz kelishuviga erishdi
Jahon energetika bozori uchun hayotiy muhim bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida vaziyat yumshashi mumkin.

6-avgust kuni Eron va Ummon Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovini tiklash tartibi bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdi. Mazkur kelishuv 60 kun davomida amal qiladi. Bu haqda «Al-Arabiya» telekanali xabar berdi.
Telekanal manbasining qayd etishicha, bo‘g‘ozni ochishga doir bu kelishuv haqida yaqin kunlarda rasman e’lon qilinishi mumkin. Biroq Tehron va Maskat o‘rtasidagi ushbu hujjat hali Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi tomonidan tasdiqlanishi talab etiladi.
Yangi harakat tartibi
«Taklif etilayotgan 60 kunlik kelishuv kemalar qatnovini qayta tiklashga qaratilgan. Bu muddat hozirgi boshi berk ko‘chadan chiqish va texnik muzokaralarni boshlashga imkon yaratadi», — deyiladi xabarda.
Yangi tartibga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘oziga kirayotgan kemalar Eron qirg‘oqlariga yaqin yo‘lakdan, chiqib ketayotganlari esa Ummon hududiga yaqin yo‘lakdan harakatlanadi. Bundan tashqari, mintaqa davlatlari bo‘g‘ozni minalardan tozalash jarayoniga ham jalb etilishi mumkin.
Muzokaralar davom etmoqda
«Al Arabiya» manbasining qo‘shimcha qilishicha, AQSH va Eron o‘rtasida vositachilar orqali olib borilayotgan muzokaralar ham davom etmoqda va ular yakuniy bosqichga kirgan. Shuningdek, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchining shu hafta oxiri yoki kelasi hafta boshida Pokistonga tashrif buyurishi kutilmoqda.
Avvalroq Eron Tashqi ishlar vazirligi Tehron va Maskat bo‘g‘oz orqali o‘tadigan yangi yo‘nalish koordinatalarini kelishib olgani hamda tomonlar qo‘shma bayonot tayyorlayotganini ma’lum qilgan edi.
Shu bilan birga, AQSHning beqarorlashtiruvchi harakatlari ehtimoli sababli mazkur kelishuv suv yo‘lagida to‘liq xavfsizlikni kafolatlay olmasligi ham alohida qayd etilgan.





