add

Eronda norozilik namoyishlari bir haftadan beri to‘xtamayapti

Eronda ommaviy norozilik aksiyalari ketma-ket yetti kun davom etmoqda, namoyishlar mamlakatning kamida 22 ta viloyatini qamrab oldi.

Eronda norozilik namoyishlari bir haftadan beri to‘xtamayapti

Eronda ommaviy norozilik namoyishlari bir haftadan beri davom etmoqda. Aksiyalar kamida 22 ta viloyatini qamrab olgan bo‘lib, minglab odamlar ishtirokida o‘tmoqda. Bu haqda «Iran International» xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yetti kunlik namoyishlar davomida kamida sakkiz kishi halok bo‘lgan, 40 nafardan ortiq fuqaro esa xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘llanilgan maxsus vositalar va o‘q-dorilar sabab yaralangan. Qurbonlar orasida Lurdagon shahrilik 20 yoshli Sajjod Valomanish va 28 yoshli stajyor-yurist Ahmadrizo Omoniy bor. Nashrning yozishicha, halok bo‘lganlarning oilalari hukumat tomonidan bosimga uchragan.

Eronning oliy rahbari Ali Xominaiy namoyish ishtirokchilarini «isyonchilar» deb atab, ularni qattiqqo‘llik bilan bostirishga chaqirgan. Shu bilan birga, o‘qituvchilar kasaba uyushmalari hamda Tehron badiiy universiteti talabalari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, xalqqa qarshi chiqmaslikka va tinch namoyishlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Norozilik aksiyalari Tehron, Mashhad, Qum, Ilom va boshqa shaharlarda bo‘lib o‘tmoqda. Namoyishchilar Islom respublikasi bayroqlarini olib tashlab, hukumatga qarshi va monarxiyani qo‘llab-quvvatlovchi shiorlarni aytmoqda. Tehron bozori savdogarlari yangi aksiyalar o‘tkazilishini e’lon qilgan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolar esa odamlar zo‘ravonlikka qaramasdan ko‘chalarga chiqishda davom etayotganini ko‘rsatmoqda.

Xalqaro jamoatchilik ham vaziyatga munosabat bildirdi. AQSH Eronda erkinlik talab qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan, BMT esa Eron hukumatini so‘z erkinligi va tinch yig‘ilish huquqlariga hurmat bilan qarashga chaqirgan.

Teglar

Mavzuga oid