Farg‘onada paxta va g‘alla maydonlari qisqartiriladi

Farg‘ona viloyatida kam hosilli paxta va g‘alla yerlari qisqartirilib, ular o‘rnida intensiv bog‘lar va eksportbop ekinlar yetishtirish kengaytiriladi.

Farg‘onada paxta va g‘alla maydonlari qisqartiriladi © Президент матбуот хизмати

28-aprel kuni Prezident boshchiligida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish choralari muhokama qilindi. Yig‘ilishda davlat rahbari hududda kam hosilli yerlarni qayta ixtisoslashtirish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatladi.

Qancha maydon qisqartiriladi?

Xususan, Farg‘ona, Yozyovon, Quva va O‘zbekiston tumanlarida jami 7 ming 400 gektar paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirish rejalashtirilgan. Ushbu yerlar o‘rnida yuqori daromad keltiruvchi bog‘dorchilik va boshqa samarali yo‘nalishlar joriy etiladi.

Qisqartirilgan maydonlardan foydalanish tartibi

Joriy yilda Farg‘ona va O‘zbekiston tumanlarida 4 ming 400 gektar maydonda o‘rik, olxo‘ri, bodom va malina plantatsiyalari tashkil etish belgilandi. Quva tumanida 1 ming 200 gektar maydonda eksportbop gilos navlari ekiladi. Yozyovon tumanida esa 1 ming 800 gektarda cho‘l sharoitiga mos yuqori hosilli sholi yetishtirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Yozyovonda sholichilik maktabi tashkil etilib, ilk bor 100 gektar suv yuzasida kassetali usulda organik sholi yetishtirish sinov tariqasida yo‘lga qo‘yiladi. Bu yangi texnologiyalar samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Umuman, viloyatda 50 ming gektar kam hosilli yerlar va samarasi past bog‘lar o‘rnida super intensiv bog‘lar barpo etish bo‘yicha yirik dastur ishlab chiqiladi. Birinchi bosqichda 10 ming gektar sanoatlashgan bog‘lar uchun texnik-iqtisodiy asos tayyorlanadi va dehqonlarga imtiyozli moliyaviy xizmatlar taklif etiladi.

Yil yakuniga qadar 611 ming tonna meva, 252 ming tonna uzum, 1,8 million tonna sabzavot va 119 ming tonna sholi yetishtirish hamda meva-sabzavot eksportini 500 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Teglar

Mavzuga oid