add

Fermerlar 2026-yildan ijaraga olgan yerida qanday ekin ekishni o‘zlari tanlaydi

03.12.2025 | 08:1836082 daqiqa

Fermerlar ekiladigan ekin turini mustaqil belgilaydi, auksionda sotilmayotgan yerlar boshlang‘ich narxi 10 foizga pasaytiladi, qishloq xo‘jaligiga katta imtiyozlar joriy etilmoqda.

Fermerlar 2026-yildan ijaraga olgan yerida qanday ekin ekishni o‘zlari tanlaydi

Jizzaxdagi bo‘lib o‘tgan sessiyada Prezident Shavkat Mirziyoyev paxta-g‘alla sxemalaridagi cheklovlar bekor qilinib, fermerlarga yerda qanday ekin ekishni mustaqil tanlash huquqi berilishini ma’lum qildi. Davlat rahbarining qayd etishicha, 10 ming gektar yer bir yildan beri auksionda sotilmayotgani amaldagi talablar fermerlarni qiziqtirmayotganini ko‘rsatdi.

2026 yildan boshlab bu tizim tubdan o‘zgaradi. Yangi tartibga ko‘ra, auksionga qayta qo‘yilgan yerlarning boshlang‘ich narxi 10 foizga pasaytiriladi. Yer ijarasida tushgan mablag‘lar esa to‘liq infratuzilma — suv, elektr, yo‘l va sanoat bog‘lariga kommunikatsiya tortirish uchun yo‘naltiriladi. Bu qishloq xo‘jaligi samaradorligini sezilarli oshirishi kutilmoqda.

Baxmaldagi bog‘dorchilikka alohida e’tibor qaratildi. Tumanning 14 ming gektar bog‘idan 4 ming gektari samarasiz holatga kelib, gektariga hosildorlik 10 tonnaga ham yetmayapti. Shuning uchun 2026 yilda 1,5 ming gektar eski bog‘lar faqat sertifikatlangan ko‘chatlar asosida intensiv usulda tiklanadi. Baxmalda shakllanadigan bog‘dorchilik tajribasi keyin butun respublikaga tatbiq etiladi.

Bog‘bonlar uchun keng ko‘lamli imtiyozlar joriy etilmoqda: 7 yillik, 14 foiz stavkali, 3 yillik imtiyozli davrga ega kreditlar, sovutkichli omborlari uchun ham bazaviy stavkadan 8 protsentlik punktgacha kompensatsiya beriladi. Bu bog‘dorchilik tarmog‘ini to‘liq siklli sanoatga aylantirishni maqsad qiladi.

AQSHlik hamkorlar bilan Zominda parrandachilik bo‘yicha yirik naslchilik korxonasi tashkil qilinmoqda. Ushbu klasterda 100 ming bosh quvvatdagi birinchi naslli ona tovuq va 9 million dona inkubasion tuxum ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu unikal loyiha respublikada parrandachilikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Prezident qishloq xo‘jaligiga alohida e’tibor qaratdi. 

Jizzax viloyatidagi jami 900 ming gektar lalmi va yaylov yerlarining 110 ming gektari zaxirada turgani, ularda ozuqa, moyli ekinlar ekish va sanoat bog‘larini yaratish orqali kamida 20 ming odamni ishli qilish mumkinligi ta’kidlandi. 

Yaylovlardan samarali foydalanish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi. Shu bilan birga, keyingi yildan yaylovlarda yer egalari yuqori daromadli ekinlar ekib, yerdan maqsadli foydalansa, ularga yer solig‘i 2 karra kamaytirib beriladi. 

Shuningdek, viloyatdagi ko‘plab chorvador va fermerlar ozuqa va meva-sabzavot yetishtirishda suv nasosiga sarflangan elektr uchun subsidiyani har oyning boshida to‘lab berishni so‘ragan.  Mutasaddilarga butun respublikada ushbu subsidiyalarni oy boshida beradigan tizim qilish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Teglar

Mavzuga oid