Geosiyosiy keskinlik fonida bitkoin narxi o‘smoqda

06.03.2026 | 14:402 daqiqa

Eng keskin arzonlashuv darajasida bo‘lgan kriptovalyuta AQSH va Isroilning Eronga qaratilgan hujumlari boshlangan kundan buyon 7 foizga o‘sdi.

Geosiyosiy keskinlik fonida bitkoin narxi o‘smoqda

28-fevraldan 6-martgacha bo‘lgan davrda bitkoin narxi 7,2 foizgacha o‘sdi. Bu o‘sish AQSH va Isroilning Eronga qarshi boshlagan harbiy amaliyotlari ortidan kuchaygan geosiyosiy noaniqliklar fonida kuzatildi.

6-mart kuni 10:00 holatiga, fond bozorida bitkoin narxi 70 611 dollar atrofida savdolashmoqda.

Isroil-Eron keskinlashuvining kriptobozorga ta’siri

AQSH va Isroilning Eron hududiga bergan zarbalaridan keyin mamlakat kriptovalyuta bozorida keskin harakat kuzatildi. Blokcheyn tahlil kompaniyalari ma’lumotlariga ko‘ra, zarbalar boshlanganidan keyingi soatlarda Eron kriptobirjalaridan millionlab dollarlik aktivlar chiqib ketgan.

Chainalysis kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar boshlanganidan keyin bir soat ichida Eron kriptobirjalaridan chiqib ketgan mablag‘lar hajmi 2 million dollardan oshgan. 28-fevraldan 2-mart kunigacha bo‘lgan davrda esa Eron kriptobirjalaridan jami 10,3 million dollar miqdoridagi kriptovalyuta chiqib ketgan. Biroq tranzaksiyalar kim tomonidan amalga oshirilgani va ularning aniq maqsadi ma’lum emas.

Britaniyalik blokcheyn tahlil kompaniyasi Elliptic esa Eronning eng yirik kriptobirjalaridan biri bo‘lgan «Nobitex» platformasidagi mablag‘lar harakati keskin oshganini qayd etgan. Tadqiqotlarga ko‘ra, 28-fevral kuni soat 11:00–12:00 oralig‘ida ushbu birjadan chiqib ketgan mablag‘lar 2,89 million dollarga yetgan.

Tahlilchilarning fikricha, ushbu mablag‘lar harakati bir nechta omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Masalan, ayrim holatlarda oddiy fuqarolar xavf ortishi fonida o‘z aktivlarini boshqa platformalarga o‘tkazishi mumkin. Boshqa hollarda esa kriptobirjalar likvidlikni qayta taqsimlash yoki operatsiyalarni kamroq ko‘rinuvchan qilish uchun mablag‘larni harakatlantirishi ehtimoldan xoli emas.

Teglar

Mavzuga oid