Global qarz hajmi rekord darajaga yetdi

26.02.2026 | 17:542 daqiqa

Xalqaro moliya instituti ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda jahon qarzi 29 trln dollarga oshib, 348 trln dollarga yetdi.

Global qarz hajmi rekord darajaga yetdi

Davlatlar, xonadonlar, moliyaviy va nomoliyaviy kompaniyalar majburiyatlarini o‘z ichiga olgan jahon qarzi 2025 yilda 29 trln dollarga oshdi va rekord daraja – 348,3 trln dollarga yetdi. Bu haqda Xalqaro moliya instituti (IIF)ga tayanib, «Bloomberg» xabar berdi.

Qarz oshishining sababi

Qarz hajmining o‘sishi, avvalo, suveren majburiyatlar ko‘payishi hisobiga yuz berdi – ularga 10 trln dollardan ortiq to‘g‘ri keldi. Bu o‘sishning taxminan uchdan ikki qismi AQSH, Xitoy va yevrozona davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Hozirgi global qarz o‘sishi ko‘proq xonadonlar yoki kompaniyalar qarzi emas, balki dunyoning yirik iqtisodiyotlaridagi doimiy budjet taqchilligi bilan bog‘liq.

Qarzning YAIMga nisbati o‘tgan yili 308 foizgacha pasaydi, asosan rivojlangan iqtisodiyotlar hisobiga. Rivojlanayotgan mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich rekord daraja – YAIMning 235 foiziga yetdi.

«2025 yil oxirida davlat qarzi 106,7 trln dollarni tashkil etdi (bir yil avval 96,3 trln dollar edi). Nomoliyaviy kompaniyalar qarzi 100,6 trln dollarga, xonadonlar qarzi esa 64,6 trln dollarga yetdi», – deyiladi IIF ma’lumotida.

Rivojlangan bozorlarda umumiy qarz 231,7 trln dollargacha o‘sgan bo‘lsa, rivojlanayotgan bozorlarda rekord daraja – 116,6 trln dollarni tashkil etdi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, agar budjet taqchilligi yuqori darajada saqlansa va kompaniyalar kapital xarajatlarini obligatsiyalar chiqarish orqali moliyalashtirishda davom etsa, 2026 yilda ham jahon qarzi hajmi o‘sishda davom etadi.

IIF bahosiga ko‘ra, joriy yilda rivojlanayotgan bozorlar $9 trlndan ortiq qarzni qoplashi kerak bo‘ladi – bu hisob-kitoblar tarixidagi eng katta refinanslash hajmidir. Rivojlangan bozorlarda esa obligatsiyalar va kreditlar bo‘yicha 20 trln dollardan ortiq to‘lov kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid