
Grenlandiyaga Yevropa davlatlarining birinchi harbiy bo‘linmalari yetib keldi — Bild
Vashingtonda Grenlandiya taqdiri bo‘yicha o‘tkazilgan muzokaralar natijasiz yakunlangach, Yevropa mamlakatlari orolga o‘z harbiylarini yuborishni boshladi.

Yevropa mamlakatlaridan birinchi harbiylar Grenlandiyaga yetib keldi. Bu haqda Germaniyaning Bild gazetasi xabar berdi.
«Vashingtonda Grenlandiya bo‘yicha muzokaralar natijasiz yakunlanganidan atigi yetti soat o‘tib, tunda Grenlandiyaga Yevropadan birinchi harbiylar yetib keldi», — deyiladi xabarda.
Nashrning yozishicha, hozirda orolga Fransiyadan 15 nafar, Germaniyadan 13 nafar va Buyuk Britaniyadan bir nafar harbiy xizmatchi yuborilgan. Shuningdek, yaqin vaqt ichida Niderlandiya, Kanada, Shvetsiya va Norvegiyadan ham qo‘shimcha kuchlar kelishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, ushbu operatsiya Shimoliy Atlantika alyansi doirasida emas, balki bevosita Kopengagen tomonidan muvofiqlashtirilmoqda.
Ushbu qadam AQSH prezidenti Donald Trampning Daniyadan Grenlandiyani tark etishni talab qilgan bayonotlari fonida amalga oshirilmoqda. Tramp NATOni Vashingtonga orolni qo‘lga kiritishda yordam berishga chaqirib, aks holda hudud Rossiya yoki Xitoy nazoratiga o‘tib ketishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Oq uy rahbari ikkinchi prezidentlik muddati boshidan buyon Grenlandiyaning AQSH tarkibiga kirishi zarurligini ta’kidlab keladi.
Amerika ma’muriyati orolni qo‘shib olish niyatida qat’iy ko‘rinadi va bu yo‘lda turli siyosiy vositalarni ishga solmoqda. Dekabr oyida Tramp Luiziana gubernatori Jeff Lendrini Grenlandiya bo‘yicha maxsus vakil etib tayinladi va u Vashingtonning anneksiya rejalarini tasdiqladi. Yanvar oyi boshida AQSHning Venesueladagi harbiy operatsiyasidan so‘ng, orol taqdiri bo‘yicha munozaralar yanada kuchaydi. Ushbu voqealar fonida Oq uy ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Stiven Millerning rafiqasi X ijtimoiy tarmog‘ida orolning Amerika bayrog‘i rangidagi xaritasi aks etgan va «Tez orada» deb yozilgan suratni joylashtirdi.
Bunday harakatlar Grenlandiyaning o‘zida keskin qarshilik va siyosiy noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Orol parlamentidagi barcha beshta siyosiy partiya yetakchilari AQSHning agressiv ritorikasini qoralab, Vashingtonga qo‘shilish fikriga qat’iyan qarshi chiqqan.





