
Haftaning ikkinchi yarmida havo harorati sezilarli pasayadi
22-24-yanvar kunlari respublikada qor yog‘ishi, kuchli shamol va haroratning sezilarli pasayishi kutilmoqda.

Joriy yilning 22–24-yanvar kunlari O‘zbekiston hududiga nam va sovuq havo massalari kirib kelishi natijasida ob-havo sharoiti keskin o‘zgaradi. O‘zgidromet ma’lum qilishicha, ushbu davrda respublikaning aksar hududlarida yog‘ingarchilik kuzatilib, asosan qor yog‘ishi kutilmoqda.
22-yanvar kuni, shuningdek 23-yanvar kuni kechasi va ertalab respublika bo‘ylab qor yog‘ishi ehtimoli yuqori. Ayrim hududlarda yo‘l qoplamalarida yaxmalak hosil bo‘lishi mumkin, bu esa avtotransport harakatida qiyinchiliklar keltirib chiqarishi ehtimolini oshiradi. Haydovchilardan ehtiyotkorlikka amal qilish so‘raladi.
Tog‘li hududlardagi vaziyat
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 22–23-yanvar kunlari qor yog‘ishi davom etadi, ba’zi joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi mumkin. Bu holat tog‘li yo‘llar va dovonlarda harakatni vaqtincha cheklash ehtimolini ham yuzaga keladi.
Respublika bo‘ylab joylarda shamol tezligi sekundiga 15–20 metrgacha kuchayadi. Ayrim hududlarda esa shamolning tezligi sekundiga 22–25 metrgacha yetishi mumkin. Kuchli shamol infratuzilma obyektlari va daraxtlarga zarar yetkazish xavfini oshiradi.
Harorat ko‘rsatkichlari ham sezilarli darajada pasayadi. 22–24-yanvar kunlari kechalari havo harorati -3...-8 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari esa -3 daraja sovuq +2 daraja iliqqacha bo‘lishi kutilmoqda. Respublika shimolida esa kechalari -12...-15 daraja sovuq, kunduz kunlari -2...-5 daraja sovuq kuzatilishi prognoz qilinmoqda.





