add

Havoni ifloslantirgani uchun «Texnopark» MCHJ rahbariga chora ko‘rildi

Bugun 18:34481 daqiqa

Yashnoboddagi «Texnopark» cho‘yan qo‘yish sexi me’yordan ortiq chiqindili gaz tarqatgani aniqlanib, korxona rahbariga chora ko‘rildi va qo‘shimcha to‘lovlar belgilandi.

Toshkent shahrida atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi I va II toifali ob’ektlarda ekologik nazorat tadbirlari izchil davom etmoqda. Maxsus komissiya monitoringni kuchaytirish orqali atmosfera havosini ifloslantirish holatlarini barvaqt aniqlash va bartaraf etishni maqsad qilgan.

Shu jarayonda Yashnobod tumanida joylashgan «Texnopark» MCHJga tegishli cho‘yan quyish sexi ishchi guruh tomonidan atroflicha o‘rganildi. Tekshiruv chog‘ida korxonada mavjud bo‘lgan chang-gaz tozalash uskunasi belgilangan ekologik me’yorlarga to‘liq amal qilmayotgani ma’lum bo‘ldi. Uskuna orqali havoga me’yordan ortiq zararli moddalar chiqarilayotgani aniqlandi.

Muhim jihati shundaki, korxona mazkur faoliyat uchun zarur bo‘lgan ekologik ekspertiza xulosasini olmagani ham ma’lum bo‘ldi. Bu holat amaldagi ekologik qoidalar va xavfsizlik talablarining buzilishi sifatida baholandi.

Aniqlangan qonunbuzarliklar asosida «Texnopark» rahbariga belgilangan tartibda chora ko‘rildi. Atmosfera havosining ifloslanishi uchun qo‘shimcha to‘lovlar hisoblanib, korxonaga javobgarlik yuklatildi.

Shu bilan birga, korxonaga havoga chiqindilar tarqatishni kamaytirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi. Jumladan, avtomatik monitoring stansiyalarini o‘rnatish, tozalash uskunalarining samaradorligini oshirish va ekologik ekspertiza xulosasini olish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi. Mutasaddilar bunday tadbirlar atrof-muhit xavfsizligini ta’minlash va sanoat korxonalarining ekologik mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.

Teglar

Mavzuga oid