Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakati bir hafta ichida 34 foizga kamaydi
AQSH va Isroilning Eron bilan urushi boshlanishidan avval ushbu bo‘g‘oz orqali har kuni o‘rtacha 130–140 ta kema qatnardi.
© ReutersJoriy haftada Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi kemalar soni sezilarli darajada kamaydi. Bu haqda «Reuters» agentligi «Kpler» tahliliy xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
3–6-avgust kunlari bo‘g‘oz orqali jami 33 ta kema harakatlangan. Bu o‘tgan haftaning shu davriga nisbatan 34 foizga kam. O‘sha paytda bo‘g‘ozdan 50 ta kema o‘tgan edi.
«Kpler» kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 6-avgust kuni bo‘g‘oz orqali atigi 4 ta kema harakatlangan. Shulardan biri Nissos Kea nomli juda yirik neft tankeri bo‘lib, u Iroqdagi «Basra» neft terminalidan yuklangan taxminan 2 million barrel Basrah markali xom neftni tashiyotgan edi. Qolgan uch kemadan ikkitasi suyultirilgan neft gazini (LPG), bittasi esa kichik hajmdagi yuklarni tashuvchi quruq yuk kemasi bo‘lgan. Bu hafta davomida Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan atigi 6 ta xom neft tankeri chiqib ketgan. Shu vaqtgacha esa bo‘g‘ozga jami 21 ta kema kirgan bo‘lib, ularning aksariyati Eron tomoni orqali harakatlangan.
Yuk tashish sohasidagi manbalarga ko‘ra, Xitoy va Hindistondagi bir qancha neftni qayta ishlash zavodlari bu hafta Iroqning «Basra» neft terminalidan xom neft yuklash uchun Ho‘rmuz bo‘g‘oziga kiradigan kemalarni izlagan. Bunga Iroq tomonidan taklif etilgan katta chegirmalar sabab bo‘lgan. Biroq, kema egalari ushbu hududga kirish xavfli deb hisoblayotgani sababli, hozircha birorta ham kema bo‘yicha shartnoma tuzilmagan.
Iroqning davlat neft sotuvchisi SOMO avgust oyida yuklanadigan «Basrah Heavy» va «Basrah Medium» navli neft uchun xaridorlarga bir barreliga qariyb 30 dollar miqdorida chegirma taklif qilgan.
2026-yil fevral oyida AQSH va Isroilning Eron bilan urushi boshlanishidan avval esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali har kuni o‘rtacha 130–140 ta kema qatnab o‘tardi. Shuningdek, sanoat vakillarining aytishicha, Eron va Ummon o‘rtasida Fors ko‘rfaziga Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kiradigan kemalar ustidan nazoratni Tehronga berishni nazarda tutuvchi taklif amalda bajarilishi qiyin. Bunga AQSH sanksiyalari hamda sug‘urta shartnomalaridagi to‘lovlarga oid qat’iy cheklovlar sabab bo‘lmoqda.
6-avgust kuni Bob al-Mandab bo‘g‘ozi orqali Qizil dengiz yo‘nalishida 26 ta kema harakatlangan. Bu bir kun avvalgi 19 ta kemaga nisbatan ko‘proqdir. LSEG kompaniyasi esa boshqa kuzatuv tizimi va hisoblash usulidan foydalangani sababli ushbu ko‘rsatkichni 28 ta deb qayd etgan.
Agentlikning ta’kidlashicha, kema qatnovining kamayishi Eron va Ummon o‘rtasida davom etayotgan muzokaralar fonida kuzatilmoqda. Bozor ishtirokchilari dunyodagi eng muhim dengiz yo‘llaridan biri hisoblangan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar harakatini qayta tiklash borasida ijobiy natijalarga erishilishiga umid qilib, muzokaralarni diqqat bilan kuzatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika Qo‘shma Shtatlari 1985-yildan beri birinchi marta Saudiya Arabistonidan neft import qilishni to‘liq to‘xtatgandi. Iyul oyi yakunlariga ko‘ra, mamlakatga Saudiya neftidan birorta ham barrel yetkazib berilmagan.

