«Humans» rahbari ham xalqaro qidiruvga berildi

Bugun 15:373 daqiqa

O‘zbekiston hukumati mamlakatda faoliyat yuritgan «Humans» kompaniyasi asoschisi Vladimir Dobrininni Interpol orqali xalqaro qidiruvga berdi.

«Humans» rahbari ham xalqaro qidiruvga berildi

O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari «Humans» kompaniyasi asoschisi va rahbari Vladimir Dobrininni xalqaro qidiruvga berdi. Interpol ma’lumotlar bazasida u «Red Notice» orqali qidirilayotgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan.

Unga nisbatan qimor va boshqa tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish hamda noqonuniy daromadlarni legallashtirish ayblovlari qo‘yilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 52 yoshli Dobrinin Avstriyada tug‘ilgan bo‘lib, Rossiya fuqarosi hisoblanadi.

«Humans» bilan nimalar bo‘lgan?

«Humans» O‘zbekistonda katta maqsadlar 2020 yilda kirib kelgandi. Kompaniyaning marketing kompaniyasi va jozibador xizmatlar taklifi sabab ko‘pchilik uni fintex bozorining yangi va yorqin o‘yinchisi sifatida ko‘ra boshladi

Biroq, o‘tgan yili hammasi ortga keta boshladi. Markaziy bank 2024 yil oktabr oyida «Humans»ga tegishli «Maroqand» to‘lov tashkiloti («Upay» savdo belgisi) faoliyatini 6 oyga cheklagandi. 

Bunga sabab qilib to‘lov tashkilotining qimor o‘yinlari uchun to‘lovlar qabul qilinishining oldini olmagani ko‘rsatildi. «Humans» «Maroqand» to‘lov tashkilotini 2022 yilda sotib olgandi. 

O‘sha paytdagi «Humans» bosh direktori Markaziy bank qarorini adolat tamoyillariga zid deb baholadi. 

Natijada, bir necha oy davomida foydalanuvchilar uchun «Humans» ilovasi faoliyati cheklandi. «Humans» Visa kartasidagi pullar ma’lum muddatga muzlatib qo‘yildi. 

Kompaniyaning moliyaviy ahvoli bu voqea ortidan juda yomonlashdi. 2024 yil 200 mlrd so‘mga yaqin katta zarar bilan yakunlandi. Undan avvalgi yillarda «Humans» qisqa vaqt ichida foydaga chiqib olgandi. 

Bahorda Markaziy bank «Maroqand» to‘lov tashkilotiga nisbatan cheklovlarni bekor qildi. Biroq 6 oy ichida katta miqdorda mijozlar yo‘qotildi va bu kompaniya ta’sir qilishda davom etdi. 

Xalqaro arbitraj sud

«Humans» bu holatga hukumat idoralarini aybdor deb hisobladi. Birinchi bo‘lib Raqobat qo‘mitasidan «O‘zbektelekom»ga qarshi monopol sifatida ish ochish so‘raldi. 

Keyinroq ko‘rilgan zararni qoplash uchun Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markazda (ICSID) O‘zbekistonga qarshi da’vo arizasi kiritildi. 

Arbitraj muhokamasiga davlat organlari va kompaniyalari, jumladan, Markaziy bank va «O‘zbektelekom» kompaniyasining xatti-harakatlari sabab bo‘lgan. Shu sabab, Humans bir qator davlat organlarining harakatlari bilan unga yetkazilgan zararni qoplashni talab qilgan.

Da’vo arizasiga Markaziy bank ham, «O‘zbektelekom» ham darhol o‘z munosabatini bildirdi. 

Ma’lum bo‘lishicha, «Humans» 2020 yildan beri shartnoma asosida «O‘zbektelekom» mobil tarmog‘idan foydalanib kelgan va shu paytga qadar 520 mlrd so‘mlik qarzlarni to‘lamagan. 

O‘sha paytda «Humans» katta ehtimol sudda yutqazishi yoki murosaga kirishga majbur bo‘lishi taxmin qilingandi. Sabab — O‘zbekiston xalqaro arbitrajlarda hech qachon yutqazmagan. 

Banklardan qarzdorlik

Iyun oyida «Octobank» ham «Humans»ni shartnoma shartlari buzilishi ortidan 500 mlrd so‘mlik qarzdorlik tufayli sudga bergandi. Sud «Humans»ga «Octobank» oldidagi qarzdorlikni qoplash majburiyatini yuklatgan. 

Biroq sud hujjatlarida keltirilishicha, qarzdordan pul mablag‘larini undirish imkoni bo‘lmagan. Shundan so‘ng 14-oktabrda sud «Humans»ni bankrot deb topish bo‘yicha qaror qabul qildi. 

Bundan tashqari, «Humans»ning «Asia Alliance Bank»dan ham 65 mlrd so‘m qarzi borligi ma’lum bo‘ldi. Bank qarzdorlik sabab sudga da’vo arizasini kiritgan. 

Shuningdek, «Humans» kompaniyasining «Yandex» oldida 13,3 mln dollar qarzdorligi mavjudligi haqida xabarlar tarqalmoqda. 

Sobiq top-menejerning hibsga olinishi

Iyul oyida «Humans»ga tegishli «Maroqand» to‘lov tashkilotini 6,5 yildan ortiq vaqt davomida boshqargan va «Humans» top-menejeri bo‘lib ishlagan Behzod Botirov hibsga olindi. 

U Jinoyat kodeksining 278-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari — «qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish»da ayblangan.

Sud unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llagan. Sentyabr oyida sud «tergovdan yashirish va dalillarni yo‘q qilish xavfi borligi»ni asos qilib, hibsga olish muddatini 2026 yilning fevraligacha uzaytirdi. Tadbirkorga 7 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Shunday qilib, «Humans» O‘zbekiston fintex bozoridagi istiqbolli o‘yinchidan, muammoli va oxir-oqibat bankrot bo‘lgan kompaniyaga aylandi.

Teglar

Mavzuga oid

«Humans» rahbari ham xalqaro qidiruvga berildi | Vaqt.uz