Ichida 14 bola bo‘lgan «Matiz» ag‘darildi: haydovchi vafot etdi
Hodisa Nurota tumanida sodir bo‘lib, bolalar turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
© ЙҲХХKecha, 5-may kuni Navoiy viloyatida ichida 14 nafar bola bo‘lgan «Matiz» yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Hodisa soat 09:05 larda Nurota tumani «Yangihayot» MFY hududidan o‘tuvchi mahalliy ahamiyatdagi 85V-043 avtomobil yo‘lining 8–9-kilometrlari oralig‘ida sodir bo‘ladi. 34 yoshli ayol tegishli hujjatlarsiz «Matiz» rusumli avtomobilni boshqarayotib, tajribasizligi va chalg‘ishi oqibatida rul boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘lning chap tomoniga chiqib ketib, ag‘darilgan. Hodisa oqibatida haydovchi ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan shifoxonada vafot etgan.
Avtomobilda bo‘lgan 14 nafar voyaga yetmagan yo‘lovchi turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.
Surishtiruvlar davomida ayol oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari sifatida faoliyat olib borgani ma’lum bo‘ldi. YHXX xabarida 14 nafar bolalarning «Matiz» avtomashinasida qoidalarga zid ravishda tashilishiga ularning ota-onalari ham e’tiborsiz bo‘lgani qayd etilgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan tergov oldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Oldingi holatlar
Bog‘cha bolalarining bu tarzda tashilishi bilan bog‘liq holatlar oldin ham uchragan. Masalan, o‘tgan yili Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida 28 nafar, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida 32 nafar, Namangan viloyati Kosonsoy tumanida 25 nafar bola «Damas»da tashilgani aniqlangan. Buxoro viloyatining Jondor tumanida ham «Damas» mikroavtobuslarida o‘nlab bolalarni tashish holatlari aniqlangan. Ikki haydovchi ikkita mashinada jami 36 nafar voyaga yetmagan bolani, birinchisida 20, ikkinchisida 16 nafarini olib ketayotgani aniqlangan.





