
Inflatsiya tushdi, ammo energiya va dori narxi oshgan
Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayib, so‘m mustahkamlanmoqda. Shunga qaramay, kommunal hamda energiya xizmatlari qimmatlashuvi bo‘yicha xavotirlar saqlanib qolmoqda. Ayniqsa dori-darmonlar narxi sezilarli o‘sdi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, aholining noyabr oyida kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalari 0,2 foiz bandga pasayib, 11,5 foizni tashkil etdi. Bu 2018 yildan beri qayd etilgan navbatdagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Manba: Markaziy bank
Navbatdagi inflyatsion kutilmalarning asosiy omillari, an’anaga ko‘ra, aholi tomonidan kommunal xizmatlar, yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishi bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Ushbu omillar yil boshidan buyon yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda, ya’ni yanvar oyidan beri kutilmalar yuqori darajada saqlanib qolgan.

Manba: Markaziy bank
Aholining ish haqi va nafaqalarning oshishi, shuningdek, monopoliyalar hamda narxlarning sun’iy oshirilishi bilan bog‘liq xavotirlari sezilarli darajada kamaygan.
Bundan tashqari, so‘nggi to‘rt oy davomida valuta kursi o‘zgarishiga oid kutilmalar ijobiy dinamikani namoyon etmoqda, ya’ni aholining valuta kursining o‘zgarishiga nisbatan xavotirlari oyma-oy kamayib bormoqda.
Jumladan, dollar kursiga nisbatan so‘mning qadri 7,5 foizga oshgan. Ichki valuta bozori sharhiga ko‘ra, aholi orasida ham, yuridik shaxslar orasida ham valyutaga taklif talabdan yuqori bo‘lib qolmoqda.
Tadbirkorlarning kutilmalari
Tadbirkorlik sub’ektlarining inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan 0,6 foizga pasayib, 10,5 foizni tashkil etdi. Oktyabr oyida bu ko‘rsatkich 11,1 foiz bo‘lgan edi. Ushbu holat ham tarixiy minimum sifatida qayd etilmoqda.

Manba: Markaziy bank
Tadbirkorlar orasida ham kommunal xizmatlar, yoqilg‘i va energiya resurslari narxlarining oshishiga oid xavotirlar yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Sohalar kesimidagi ko‘rsatkichlar
Aholi orasida eng yuqori inflyatsion kutilmalar maishiy xizmatlar sohasida faoliyat yurituvchi xodimlar tomonidan bildirilgan bo‘lsa, nisbatan past kutilmalar umumiy ovqatlanish sohasi vakillari tomonidan qayd etildi.

Manba: Markaziy bank
Oktyabr oyida ham eng past ko‘rsatkich umumiy ovqatlanish (kafe va restoranlar) sohasida kuzatilgan edi.
Tadbirkorlar o‘rtasida esa eng yuqori inflyatsion kutilmalar ta’lim sohasida faoliyat olib borayotgan biznes sub’ektlari tomonidan bildirilgan. Eng past ko‘rsatkichlar hunarmandchilik sohasida qayd etilgan. O‘tgan oyda qishloq xo‘jaligi sohasidagi ko‘rsatkichlar nisbatan pastroq bo‘lgan edi.
Hududlar kesimidagi holat
Aholi nazarida eng yuqori inflyatsion kutilmalar Toshkent viloyatida (12,8 foiz), tadbirkorlar nazarida esa Samarqand viloyatida (12,6 foiz) shakllangan.

Manba: Markaziy bank
Eng salbiy kutilmalar qayd etilgan poytaxt aholisi ko‘rsatkichlari sezilarli darajada pasaygan. Xususan, noyabr oyida ushbu ko‘rsatkich 10,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, oktabr oyida u 14,5 foiz darajasida bo‘lgan (4,1 foizga yuqori).
Vodiy hududlarida, xususan, Farg‘ona va Andijon viloyatlaridagi ko‘rsatkichlar oktabr oyiga nisbatan sezilarli darajada yaxshilangan. Ular mos ravishda 1,1 foiz va 1,4 foizga pasaygan.
So‘nggi ikki oyda hududlar kesimida aholining inflyatsion kutilmalarida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Iqtisodchi Otabek Bakirov ham avvalgi oyda bo‘lganidek, keskin tebranishlar davom etayotgani va bu holatga regulyator tomonidan izoh berilishi lozimligini ta’kidlagan edi.
Bundan tashqari, oyiga 30 mln so‘mdan ortiq daromad oluvchi qatlamning inflyatsion kutilmalari keskin yomonlashgan. Shuningdek, ushbu qatlam vakillari 21,4 foizlik inflyatsiyani his qilganini bildirgan (+3,4 foiz).
Qaysi tovarlar narxi eng ko‘p oshdi?
Narxlarning eng katta o‘sishi elektr energiyasi va tabiiy gaz sohasida kuzatilgan. Avvalroq iqtisodchi Otabek Bakirov ham noyabr oyidagi narx-navoning o‘zgarishini ekologik muammolarni keltirib chiqargan «energokrizis» fonidagi mavsumiy qimmatchilik, qahraton qish yaqinlashuvi va tariflarning oshishi bilan izohlagan edi.

Manba: Markaziy bank
Shuningdek, so‘nggi kunlarda jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘layotgan dori vositalarining ham sezilarli darajada qimmatlashgani qayd etilgan. Ma’lumot uchun, 2026 yil 1-yanvardan boshlab 2,6 ming turdagi retseptli dori vositalarining narxi o‘rtacha 40–50 foizga pasayishi kutilmoqda.
Jumladan, 2025 yil 1-apreldan retsept bilan beriladigan dori vositalarini ulgurji va chakana savdoda sotish jarayonida, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan (bazaviy) qiymatdan 15 foizdan, chakana savdo uchun esa 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda ustama qo‘llash belgilangan.
So‘m kursi keskin mustahkamlanayotganiga qaramay, dori-darmonlar yillik hisobda 5,3–7,7 foizgacha qimmatlashgan.
Bundan tashqari, kiyim-kechak va poyabzal narxlari ham oshgan. Avvalroq Statistika qo‘mitasi noyabr oyida qishki kiyimlar, xususan, kurtkalar va paltolar, shuningdek, etiklar narxi sezilarli darajada oshganini ma’lum qilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, oy davomida qishki kiyimlar 2,4 foizgacha, qishki poyabzallar esa 1,1 foizgacha qimmatlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz noyabr oyi hamda yil davomida qimmatlashgan tovarlar va xizmatlar bo‘yicha tahlil e’lon qilgan edi.
Teglar





