
Oziq-ovqat, yoqilg‘i va issiqlik: yil davomida va so‘nggi oyda nimalar qimmatlashdi?
Noyabrda inflatsiya rekord darajada pasaygan bo‘lsa-da, bozorda ayrim mahsulotlar qimmatlashishdan to‘xtagani yo‘q. Vaqt.uz oy va yil davomida qimmatlashgan tovar va xizmatlarni tahlil qildi.

O‘zbekistonda noyabr oyida yillik inflatsiya 0,3 foizga pasayib, 7,5 foizni tashkil qilmoqda. Bu 2016 yil maydan buyon rekord darajadagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Taqqoslash uchun, yillik inflatsiya oktabrda 7,8 foiz, sentabrda esa 8 foiz bo‘lgan edi.
Umuman olganda, yillik inflatsiya kuzda ko‘p yillik minimumlarni yangiladi. Xususan, sentabrda 2024 yildan beri, oktabr hamda noyabrda esa 2016 yil maydan buyon eng past ko‘rsatkichlar qayd etildi.
Shu o‘rinda iqtisodchi Mirkomil Xolboyev dekabr oyida katta ehtimol bilan yirik o‘zgarish bo‘lmasligini ta’kidlamoqda:
«Dekabr oyida katta ehtimol bilan yillik trendda yirik o‘zgarish bo‘lmaydi va yillik inflatsiya 7,5 foiz atrofida shakllansa kerak. Markaziy bank ham keyingi yig‘ilishida prognozlarini yana qayta pasayuvchi tomonga ko‘rib chiqsa kerak», deb yozmoqda M.Xolboyev.
Markaziy bank yil oxirigacha inflyatsiyani 8 foiz atrofida bo‘lishini kutmoqda edi, ammo raqamlar prognozlardan ko‘ra yaxshiroq. 2027 yilga kelib esa 5 foiz targetga erishish rejasida:
«Biz ko‘rsatyapmiz, u kamaydi, deyyapmiz. Lekin o‘zi necha bo‘lishi kerak? Nol bo‘lishi hech qachon to‘g‘ri emas. Inflyatsiyamizini 5 foizga yetkazish va uni saqlab qolish maqsadimiz bor. 5 foizdan past bo‘lishi kabi maqsadimiz yo‘q. Biz uchun shu 5 foiz yetarli deb hisobladik — iqtisodiy o‘sish va narx barqarorligi o‘rtasidagi balansni saqlab qolish uchun», — dedi Markaziy bank raisi Temur Ishmetov.
inflatsiya raqamlarda ketma-ket tushishda davom etsa-da, hanuz bozorda mahsulotlar qimmatligicha qolmoqda. Quyida noyabr oyida narxlari o‘zgargan mahsulotlarni Vaqt.uz o‘rganib chiqdi.
Noyabr oyi inflyatsiyasi
Oylik inflatsiya esa oktabrga nisbatan biroz tezlashib, noyabrda 0,7 foiz bo‘ldi. Shuningdek, narxlarning o‘sish sur’ati 2024 yilning noyabriga nisbatan 0,2 foizga kamaydi.
Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari 1 foizga, yillik ko‘rsatkichda esa 5,9 foizga ko‘tarilgan. Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari oktabr oyiga nisbatan 0,5 foizga, 2024 yil noyabriga nisbatan esa 5,3 foizga qimmatlashdi. Xizmatlar sohasida narxlar bir oyda 0,3 foizga, o‘tgan yil davomida esa deyarli 14 foizga o‘sdi.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, noyabr oyidagi narx-navo o‘zgarishini ekologik muammoga olib kelgan «energokrizis» fonidagi mavsumiy qimmatchilik, qahraton qish yaqinligi va tariflarning o‘sishi belgilab berdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari qanday o‘zgardi?
Noyabrda yuqori darajada qimmatlagan 30 ta mahsulotning 17 tasi oziq-ovqatlar, 9 tasi esa nooziq-ovqat mahsulotlari hisoblanadi. Noyabrda qimmatlagan asosiy mahsulotlar orasida tuxum (+2,4 foiz) yetakchilik qilmoqda. Bundan tashqari, sut (+0,8 foiz), o‘simlik yog‘lari va un (o‘rtacha +0,5 foiz) sezilarli darajada qimmatladi.
Go‘sht narxi. Go‘sht narxlarida ham sezilarli o‘zgarish kuzatildi. Xususan, bir oyda 1 kilogramm mol go‘shtining o‘rtacha narxi, birinchi navbatda mahalliy go‘sht narxining oshishi hisobiga yana 1–1,5 ming so‘mga ko‘tarildi. Oktyabrda esa respublika bo‘ylab 1 kilo mol go‘shtining o‘rtacha narxi 2–3 ming so‘mga qimmatlagan edi.
Bundan tashqari, qo‘y go‘shti 0,8 foizga, suyaksiz mol go‘shti 0,5 foizga oshgan bo‘lsa, parranda va son go‘shti 1,2 foizga arzonlagan.
Meva-sabzavotlar narxi. Meva-sabzavot mahsulotlari orasida bodring narxi deyarli ikki baravarga, pomidor esa 82 foizga qimmatlashdi. Bulg‘or qalampiri narxi 61,2 foizga, baqlajon — 51,7 foizga ko‘tarildi. Qizig‘i, o‘tgan oyda ham pomidor, bodring va bulg‘or qalampiri narx o‘sishda bir-biri bilan musobaqalashgan edi.
Ayni paytda sabzi narxi chorakdan ko‘proqqa, limon — 3 foizga, piyoz — 2,5 foizga arzonlashdi. Ammo sentabr oyida bozorlarda limon (+52,6 foiz), qovoq (+11 foiz) va baqlajon (+22,3 foiz) narxining keskin o‘sgani qayd etilgan edi.
Yillik hisobda esa limon (+65 foiz), sabzi (+14,5 foiz), karam (+13,8 foiz), bodring (+14 foiz) va sut (+7 foiz) narxlari ham sezilarli darajada oshdi. Guruch narxi yillik ko‘rsatkichda 17 foizga pasaydi. Un deyarli 6 foizga, shakar — 4,6 foizga arzonlashdi. Baqlajon noyabr oyidagi narx sakrashiga qaramay, o‘tgan yilga nisbatan 11,5 foizga arzonroq qolmoqda.
Kiyim va poyabzallar. Qishki kiyimlar, xususan kurtka va paltolar, etiklar sezilarli oshgan. Oy davomida qishki kiyimlar 2,4 foizgacha, qishki poyabzallar esa 1,1 foizgacha qimmatlagani qayd qilingan. Ma’lumot uchun, avgust oyida, ya’ni yangi o‘quv yili boshlanishi oldi kiyim-kechaklar narxi sezilarli oshgan edi.
Xizmatlar sohasida narx-navo o‘zgarishi
Noyabrda 231 ta tovar va xizmatlarning narxi oldingi oyga nisbatan sekinlashgan. Oktyabrda 196 ta tovar va xizmatlarda narx o‘sishining sekinlashishi kuzatilgan edi. Bundan tashqari, xizmatlar oktabrda yillik hisobda 8,7 foizga qimmatlashgan edi. Oxirgi bir yilda narxi yuqori darajada o‘sgan 30 ta mahsulotning 15 tasi aynan xizmatlar sohasiga tegishli.
O‘zbekistonning ayrim hududlarida issiqlik ta’minoti tariflari oshdi. Bir oy ichida isitish narxi o‘rtacha 7,3 foizga, issiq suv ta’minoti esa 9 foizga ko‘tarilgan. Yil boshidan buyon bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 11,5 foiz va 11,9 foizga yetdi.
Bundan tashqari, ikki hududda avtoturargoh xizmatlari ham qimmatlashdi. Bu o‘rtacha narxlarni 2,8 foizga oshirgan (yil boshidan — 16,2 foiz). Kuryerlik xizmatlari bir oyda 1,3 foizga, oziq-ovqat yetkazib berish esa 0,5 foizga ko‘tarilib, yil davomida mos ravishda 18,3 foiz va 6,4 foizga oshgan.
Ichki va xalqaro aviareyslar chiptalari esa aksincha, biroz arzonlashdi — bir oyda 1,1 foizga. Biroq yillik o‘sish darajasi ichki reyslarda 54 foiz, xalqarolarda 4,4 foizni tashkil qilmoqda. Uzoq masofali poyezdlar bo‘yicha sayohat narxlari ham 0,2 foizga pasaygan (yil boshidan — 7,3 foizga kamaygan).
Eslatib o‘tamiz: oktabrdan boshlab Toshkent va atrof shaharlarda elektr poyezd yo‘l haqi oshirildi. Umuman respublika bo‘ylab transport xizmatlari 2,5 foizga qimmatlashdi: shahar avtobustlarida yo‘l haqi 1,7 foiz, shaharlararo avtobustlarda 1,1 foiz oshgan edi.
Umumiy ovqatlanish xizmatlari narxlari 0,4–0,7 foizga oshdi, mehmonxona xizmatlarida esa deyarli o‘zgarish kuzatilmadi. Repetitorlik xizmatlari narxi bir oyda 0,5 foizga ko‘tarilib, yillik o‘sish 6,9 foizni tashkil qildi. Til kurslari ham 0,6 foizga qimmatlashdi (yillik o‘sish — 7,8 foiz). Oktyabrda ham ta’lim sohasida biroz narxlar oshishi qayd etilgan edi: repetitorlik xizmati +1,1 foiz, chet tillari kurslari +0,5 foiz, xususiy bolalar bog‘chalari +0,4 foiz qimmatlagan.
Statsionar va ambulator davolanish xizmatlari narxi 0,3 foizga, yil boshidan esa mos ravishda 7,5 va 6,7 foizga oshgan. Shu bilan birga, pul o‘tkazmalari narxi kamayishda davom etmoqda. Xususan, noyabr oyida 1,6 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 6,4 foizga arzonlashgan.
Sanoat mahsulotlari. So‘nggi oylarda yoqilg‘i mahsulotlari, xususan benzin va propan narxlari to‘xtovsiz oshmoqda. Noyabrda benzin narxi 1,7 foizga oshdi. Yil boshidan narxlar 9,2 foizga ko‘tarildi, umumiy yillik o‘sish esa 8,5 foizni tashkil etdi. Markasiga qarab yoqilg‘ining bir litri narxi:
AI-80 — 8 ming 500 – 9 ming 800 so‘m (o‘rtacha +1 foiz);
AI-91/AI-92 — 10 ming 500 – 13 ming 300 so‘m (0,4–0,6 foiz);
AI-95/AI-98 — 12 ming – 18 ming so‘m (+1 foiz);
AI-100 — 20 ming 500 so‘mgacha (+0,6 foiz).
Metan noyabr oyida 0,2 foizga arzonlashdi, biroq narxlar o‘tgan yilga nisbatan 30 foizdan ko‘proqqa yuqori. Boshqa tomondan, propan narxi 7,4 foizga oshdi va hanuz o‘tgan yilning noyabr oyiga qaraganda qariyb 21 foizga arzonroq.
Taqqoslash uchun, oktabrda benzin narxi 1,5 foizga, yil boshidan esa 7,4 foizga qimmatlashgan edi. Propan narxi oktabrda 3,3 foizga oshgan. Metan ham oy hisobida 0,1 foizga qimmatlagan, ammo o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30,5 foizga oshdi.
Qizig‘i, global bozorda neft narxi qulayotganiga va so‘m dollarga nisbatan mustahkamlanishiga qaramay, benzin va propan to‘xtovsiz qimmatlamoqda. Bundan tashqari, Statistika qo‘mitasi esa foydalanish ta’qiqlangan AI-80 hali-ham inflatsiya hisob-kitobiga kiritmoqda.
Oltin va dollar. Noyabrda so‘m dollarga nisbatan 122,92 so‘mga, ya’ni 1 foizga mustahkamlanib, 12 ming 292 so‘m darajasiga yetdi. Oktyabrda rasmiy dollar kursi so‘mga nisbatan 0,35 foizga, sentabrda 3,3 foizga, avgustda 0,9 foizga, iyulda esa 0,5 foizga pasaygan edi.
Markaziy bank aholiga taklif qilayotgan oltin quymalari narxi noyabr oyida 3,1 foizga oshdi (oktabrda ham shuncha o‘sish bo‘lgan). Xalqaro oltin narxlari — London Fixing ko‘rsatkichlari bo‘yicha — 3,6 foizga (yillik o‘sish 5,4 foiz) ko‘tarilib, bir unsiya uchun 4 ming 159 dollarni tashkil etdi.
Hududlar kesimida ko‘rsatkichlar qanday?
Noyabr oyida eng yuqori oylik inflatsiya Toshkent shahrida kuzatildi — narxlar o‘rtacha 1 foizga oshgan. Aksincha, mamlakatning 11 ta hududida o‘sish atigi 0,6 foiz, Qoraqalpog‘iston va Jizzax viloyatlarida esa 0,7 foizni tashkil etdi.
Yil boshidan beri narxlar eng ko‘p Qoraqalpog‘istonda (6,9 foiz), hamda Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida (6,8 foiz) oshgan. Jizzaxda inflatsiya 5,7 foiz, poytaxt va Qashqadaryoda esa 6,1 foiz bo‘lgan.
Yillik inflatsiya darajasi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston (8,1 foiz) va Farg‘ona (8 foiz) eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Jizzax viloyati esa 6,8 foiz bilan eng past ko‘rsatkichga ega bo‘ldi.
Oktyabr oyida esa eng yuqori oylik inflatsiya Andijon viloyatida qayd etilgan edi. Eng past ko‘rsatkich esa yetti hududda: Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida kuzatilib, 0,5 foizni tashkil etgandi.
Noyabrda o‘tgan oyga nisbatan qimmatlagan 30 ta tovar va mahsulot ro‘yxati:
№ | Tovar va xizmatlar | O‘tgan oyga nisbatan narx o‘zgarishi |
1 | Yangi uzilgan bodring | 196 |
2 | Yangi uzilgan pomidor | 182,2 |
3 | Yangi uzilgan bulg‘or qalampiri | 161,2 |
4 | Baqlajon | 151,7 |
5 | Uzum | 112,1 |
6 | Issiq suv ta’minoti uchun haq to‘lash | 109 |
7 | Anor | 107,9 |
8 | Shaxsiy transport vositalari uchun propan | 107,4 |
9 | Markaziy isitish uchun haq to‘lash | 107,3 |
10 | Qovoq | 105,4 |
11 | Olma | 104,7 |
12 | Mandarin | 104,5 |
13 | Shaftoli | 103,7 |
14 | Yangi uzilgan tarvuz | 103,4 |
15 | Yangi uzilgan qovun | 103,4 |
16 | Nok | 102,9 |
17 | Avtomobil to‘xtash joylari xizmatlari | 102,8 |
18 | Tovuq tuxumi | 102,4 |
19 | Erkaklar uchun qishki kurtka | 102,4 |
20 | O‘g‘il bolalar uchun shimlar, jinsi shimlar | 102,1 |
21 | Teatrlar xizmatlari | 101,9 |
22 | Erkaklar uchun sviter, jemper, pulover | 101,7 |
23 | Qiz bolalar uchun qishki kurtka | 101,7 |
24 | Ayollar uchun sviter, jemper, pulover | 101,7 |
25 | Benzin | 101,7 |
26 | Yangi uzilgan yoki sovutilgan ko‘katlar (ukrop, petrushka...) | 101,6 |
27 | O‘g‘il bolalar uchun sviter, jemper, pulover | 101,6 |
28 | Kakao ichimligi | 101,5 |
29 | Tuzlangan yoki marinadlangan bodring | 101,5 |
30 | Erkaklar uchun shimlar, jinsi shimlar | 101,4 |
Yil davomida nimalarning narxi oshdi?

Manba: Mirkonomika
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev esa 2025-yilning 11 oyida narxi eng yuqori o‘sgan tovar va xizmatlarni tahlil qildi.
«Trolleybus yo‘l haqi 11 oyda 2 barobar oshgan, lekin masalan iste’molchilarning aksariyati foydalanishi emas, hatto mavjudligini ham bilmaydigan xizmatni iste’mol savatida qolayotganligi qanchalik ma’noga ega? Balki boshqa mos xizmat bilan birgalikda berish orqali yangi mahsulotlarni iste’mol savatiga qo‘shish kerakdir», — deydi Xolboyev.
Shuningdek, yil boshidan buyon limon (97,3 foiz), haydovchilikka tayyorlash kurslari (58,9 foiz), ichki havo transporti (53,9 foiz) kabi tovar va xizmatlar narxida yuqori o‘sish kuzatilgan.
11 oy davomida narxi yuqori oshgan tovar va xizmatlarning 2 tasi nooziq-ovqatlar, 6 tasi oziq-ovqat tovarlari hamda qolgan 12 tasi xizmatlardan tashkil topgan.

Manba: Mikonomika
11 oy davomida narxi eng yuqori pasaygan tovar qovoq bo‘lgan. Qovoq narxi yil boshidan buyon 61,7 foizga arzonlagan. Shuningdek, yangi uzilgan tarvuz (-31,5 foiz), bulg‘or qalampiri (-30,8 foiz) kabi tovarlar narxida ham yuqori pasayish qayd etilgan.
20 ta tovar va xizmatlar orasida bitta xizmat (pul o‘tkazmalari uchun haq) va bitta nooziq-ovqat tovari bo‘lib, qolgan 18 ta tovar oziq-ovqat mahsulotlari hisoblanadi. Bu holat mavsumiy omillar bilan izohlanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalaroq Markaziy bank o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga tushirish uchun pul-kredit siyosatidagi qat’iylikni saqlab borishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edik.
Teglar






