
«Instagram»ga oid yirik ma’lumotlar darknetga sizdirilgani qayd etildi
«Instagram» platformasidagi ma’lumotlar sizib chiqishi oqibatida 17,5 mln foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlari darknetga tushib, firibgarlik xavfi keskin oshdi.

Kiberxavfsizlik bilan shug‘ullanuvchi «Malwarebytes» kompaniyasi «Instagram» platformasida yirik ma’lumotlar sizib chiqish holati aniqlanganini ma’lum qildi. Hodisa natijasida 17,5 mln foydalanuvchiga tegishli ma’lumotlar darknetda tarqalgan.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, o‘g‘irlangan bazada parollar mavjud emas. Biroq foydalanuvchilarning loginlari, haqiqiy ism-familiyalari, telefon raqamlari, elektron pochta manzillari va profilga oid boshqa ma’lumotlar joy olgan.
Mutaxassislar asosiy xavf aynan shu yerda ekanini ta’kidlamoqda. Parollarsiz ham bunday ma’lumotlar firibgarlar uchun juda qimmatli hisoblanadi. Oxirgi kunlarda maqsadli fishing hujumlari keskin ko‘paygani qayd etilmoqda.
Foydalanuvchilarga go‘yoki qo‘llab-quvvatlash xizmati nomidan elektron maktublar, xabarlar va qo‘ng‘iroqlar kelmoqda. Ular orqali akkauntni zudlik bilan himoya qilish, parolni yangilash yoki havola orqali tasdiqlash talab qilinmoqda.
Ammo bu xabarlar qalbaki hisoblanadi. Yuborilayotgan havolalar soxta sahifalarga olib boradi va foydalanuvchilar o‘sha yerda o‘z parollari hamda ikki bosqichli himoya kodlarini o‘z qo‘llari bilan topshirib qo‘yayotgani aniqlangan.
Kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar shubhali havolalarga kirmaslik, akkauntda ikki bosqichli himoya yoqilganini tekshirish hamda qo‘ng‘iroq va SMSlarga nisbatan o‘ta ehtiyotkor bo‘lishni tavsiya qilmoqda.





