
Internet tezligi rekord o‘rnatdi: kiprik qoqishdan 100 barobar tezroq
Britaniya va Yaponiya olimlari internet tezligida yangi rekord o‘rnatdi — standart optiktolali sim orqali ma’lumot uzatish soniyasiga 430 Terabitga yetdi.
© Foto: ilsoftware.it Ma’lumot uzatish tezligi bo‘yicha global poygada navbatdagi fantastik marra zabt etildi. Buyuk Britaniyadagi Aston universiteti va Yaponiyaning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari milliy instituti (NICT) olimlari internet orqali ma’lumot uzatish tezligini 430 Tbpsʼga yetkazishga muvaffaq bo‘ldi, deb xabar bemoqda «TechRadar».
Eng muhim jihati — rekord yangi kabellar yotqizish hisobiga emas, balki butun dunyoda allaqachon qo‘llanilayotgan standart optiktolali infratuzilma orqali qo‘lga kiritildi.
Tasavvur qilish qiyin bo‘lgan tezlik
430 Tbps tezlik qanday ko‘rsatkich ekanini anglash uchun olimlar oddiy misol keltiradi. Masalan, hajmi taxminan 80 GB bo‘lgan «Battlefield 6» videoo‘yinini yuklab olish:
— odatiy «tezkor» uy internetida (1 Gbps) taxminan 11 daqiqa vaqt oladi;
— yangi texnologiya yordamida esa bir millisekundada yuklab olinadi.
Bu inson bir marta kiprik qoqishi uchun talab etiladigan vaqtdan 100 barobar tez degani.
Bu qanday amalga oshirildi?
430 Tbps tezlik rekordi ushbu ilmiy guruhning avvalgi natijasi — 402 Tbps ko‘rsatkichidan ham yuqori. Asosiy yutuq mavjud infratuzilmadan samaraliroq foydalanish usuli topilganida.
Olimlar ko‘p jildli yangi kabellar o‘rniga standart bir rejimli optiktolali simdan foydalandi, ammo signal uzatish usulini o‘zgartirdi: avval ma’lumot uzatishga yaroqsiz deb hisoblangan to‘lqin uzunliklari ishga solindi. Nur bir vaqtning o‘zida bir necha rejimda harakatlanishiga erishildi.
Natijada oldingi rekordlarga nisbatan 20 foiz kam polosa kengligi ishlatilib, ko‘proq ma’lumot uzatildi.
«Biz standart optiktolali kabellar o‘z dastlabki loyihasida ko‘zda tutilganidan ancha ko‘p ma’lumotni uzata olishini isbotladik», — deya ta’kidlaydi tadqiqotchilar.
Kelajak tarmoqlari uchun asos
Mutaxassislarga ko‘ra, bu natija 6G va 7G kabi kelajak aloqa tarmoqlari uchun asos bo‘ladi. Sun’iy intellekt, data-markazlar, avtonom transport va yuqori aniqlikdagi raqamli xizmatlar uchun aynan shunday ultratezkor internet talab etiladi.





