add

Internetda 600 nafar fuqaroni chuv tushirgan shaxslar ushlandi

Bugun 15:411451

Ijtimoiy tarmoqlar orqali bir guruh shaxslar fuqarolarni «kredit limitini naqdlash» bahonasida aldab, 1 mlrd so‘mdan oshiq mablag‘ni o‘zlashtirgani aniqlandi.

Internetda 600 nafar fuqaroni chuv tushirgan shaxslar ushlandi

Toshkent viloyatida kiberjinoyat bilan shug‘ullangan to‘rt nafar shaxs fuqarolarni aldash orqali katta miqdordagi mablag‘ni noqonuniy ravishda qo‘lga kiritgani uchun qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB Kiberxavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2005 yilda tug‘ilgan B.N. va uning uch nafar sheriklari Telegram va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida «Limitlash xizmati» nomli sahifa ochib, fuqarolarga mikromoliya tashkilotlari tomonidan berilgan kredit limitlarini naqdlashtirishni va’da qilishgan.

Gumonlanuvchilarlar o‘zlari ro‘yxatdan o‘tkazgan tadbirkorlik sub’ekti orqali onlayn savdo platformalarida faoliyat yuritib, 600 nafar fuqarodan jami 1 milliard 32 million so‘m miqdoridagi mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Hozirda ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud tomonidan ularga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararni undirish choralari ko‘rilmoqda. Dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, shu yilning o‘tgan 10 oyi davomida Toshkent viloyatida sodir etilgan jinoyatlarning 44 foizi kiberjinoyatlarga to‘g‘ri kelgani qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq IIV Kiberxavfsizlik markazi endi har yil yakunida kiberjinoyatlar eng ko‘p sodir etilayotgan banklar va to‘lov tashkilotlari haqida ochiq statistika e’lon qilishi haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

Internetda 600 nafar fuqaroni chuv tushirgan shaxslar ushlandi | Vaqt.uz