Logo

Isroil «Ibrohim kelishuvlari»ga qo‘shilgan Qozog‘istonga vizasiz rejim va’da qildi

Bugun 11:424 daqiqa

Qozog‘iston Markaziy Osiyo davlatlari orasida fuqarolari Isroil hududiga vizasiz kira oladigan birinchi mamlakat bo‘lishi mumkin.

Isroil «Ibrohim kelishuvlari»ga qo‘shilgan Qozog‘istonga vizasiz rejim va’da qildi

Qozog‘iston va Isroil o‘rtasida vizasiz tizim joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Isroilning Qozog‘istondagi elchisi Yoav Bistritskiy 15-sentabr kuni Ostonada jurnalistlar bilan suhbatda ikki davlat o‘rtasida vizasiz rejim tartibini o‘rnatish ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, hujjat 2027 yilning boshlarida imzolanishi kutilmoqda, biroq aniq sana hozircha noma’lum.

Qayd etilishicha, келishув Isroil tashqi ishlar vazirining Qozog‘istonga bo‘lajak tashrifi chog‘ida imzolanishi mumkin.

Bistritskiyning ta’kidlashicha, ushbu kelishuv amalga oshsa, Qozog‘iston Markaziy Osiyo davlatlari orasida fuqarolari Isroil hududiga vizasiz kira oladigan birinchi mamlakat bo‘ladi.

Vizasiz rejimga birinchi qadam yil boshida tashlangan

Ikki davlat o‘rtasida viza tartibini bekor qilish bo‘yicha rasmiy harakatlar 2026 yilning yanvar oyida boshlangan edi.

Xususan, 27-yanvar kuni Ostona shahrida Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayev hamda Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

E’tiborli jihati shundaki, bu Gideon Saarning Ostonaga ilk tashrifi bo‘libgina qolmay, so‘nggi 16 yil ichida Isroil tashqi ishlar vazirining Qozog‘istonga qilgan birinchi rasmiy tashrifi hisoblanadi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, ikki hukumat o‘rtasida milliy pasport egalari uchun vizasiz rejim joriy etish to‘g‘risidagi bitimni imzolash niyati tasdiqlanib, maxsus memorandum qabul qilindi. Mazkur hujjat, avvalo, o‘zaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish va turizmni rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yanvar oyida imzolangan memorandumning o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri vizasiz rejimni joriy etmaydi. U faqatgina hukumatlarning kelgusida shunday bitim tuzishga tayyor ekanini huquqiy jihatdan mustahkamladi, xolos. Ayni paytda esa tomonlar to‘laqonli hukumatlararo kelishuv matnini tayyorlash ustida ish olib bormoqda.

Viza tartibining bekor qilinishiga doir ushbu masala ikki davlat o‘rtasidagi keng qamrovli yaqinlashuv jarayonining mantiqiy davomidir. Zero, 2026 yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda nafaqat viza, balki savdo, investitsiya, turizm, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va texnologiyalar kabi qator sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalari ham atroflicha muhokama qilingan edi.

Qozog‘iston-Isroil munosabatlari

Qozog‘iston va Isroil o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992 yil 10-aprelda o‘rnatilgan. Isroilning Qozog‘istondagi elchixonasi 1992 yilning avgust oyida ochilgan bo‘lsa, Qozog‘iston 1996 yilning may oyida Isroilda o‘z elchixonasini ochgan.

O‘tgan yillar davomida ikki mamlakat hukumatlari oliy darajadagi tashriflarni muntazam amalga oshirib kelmoqda. Xususan, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev 1995 va 2000 yillarda Isroilga rasmiy tashrif bilan borgan. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa 2016 yilning dekabr oyida Qozog‘istonda mehmon bo‘lgan.

2026 yilga kelib esa ikki tomonlama munosabatlarda yangi tarixiy qadam tashlandi. Isroil prezidenti Isaak Gersog 27-aprel kuni rasmiy tashrif bilan Ostonaga kelib, Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan uchrashdi. Muzokaralar chog‘ida tomonlar mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada chuqurlashtirish va strategik hamkorlikni rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildi.

«Men do‘stim prezident To‘qayevning taklifiga binoan Qozog‘iston poytaxti Ostona shahriga rasmiy tashrif bilan keldim. Qozog‘iston — jahon darajasidagi mamlakat bo‘lib, uning betakror tabiat manzaralari, madaniyati va go‘zalligi meni doim hayratga solib kelgan», — degan edi Gersog.

Tashrif chog‘ida Isaak Gersog Qozog‘iston rahbarining mamlakatni «Ibrohim kelishuvlari»ga qo‘shish bo‘yicha qarorini alohida olqishladi.

Qozog‘iston «Ibrohim kelishuvlari»ga qo‘shilgan

Ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi yana bir voqea 2025 yilning noyabr oyida yuz berdi.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi 2025 yilda mamlakatning «Ibrohim kelishuvlari»ga rasman qo‘shilganini e’lon qildi. Rasmiy Ostona mazkur qarorni mamlakatning tashqi siyosat yo‘nalishiga to‘la mos tushuvchi qadam sifatida baholab, Yaqin Sharq mojarosini xalqaro huquq me’yorlari, BMT rezolyutsiyalari hamda «ikki davlat — ikki xalq» tamoyili asosida hal etish pozitsiyasida qolishini bildirdi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, «Ibrohim kelishuvlari»ning asosiy hujjatlari 2020 yil 15-sentabrda Vashingtonda imzolangan edi. O‘sha kuni Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida tinchlik o‘rnatish, diplomatik munosabatlarni tiklash va normallashtirish to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, Isroil hamda Bahrayn o‘rtasida tinchlik deklaratsiyasi qabul qilingan.

Keyinchalik mazkur jarayon Marokash va Sudan bilan ham munosabatlarni normallashtirishni o‘z ichiga oldi.

AQSH Davlat departamenti «Ibrohim kelishuvlari»ni Isroil hamda mintaqadagi arab davlatlar o‘rtasida diplomatik aloqalarni o‘rnatish va o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbus sifatida e’tirof etadi.

Avvalroq «Reuters» axborot agentligi Ozarboyjon va O‘zbekiston Qozog‘istondan keyin Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan keyingi davlatlar bo‘lishi ehtimoli haqida xabar tarqatgan edi.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston Isroil va arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni iliqlashtirishga ko‘maklashadigan «Ibrohim kelishuvlari»ga qo‘shilganidan so‘ng, xalqaro hamjamiyatning e’tibori mazkur jarayonning kengayish imkoniyatlariga qaratilgan. Xabarda bitimga qo‘shilish uchun ehtimoliy nomzodlar qatorida O‘zbekiston va Ozarboyjon ko‘rib chiqilgani aytilgan.

Nashrga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp Qozog‘iston kelishuvga qo‘shilishdan manfaatdor bo‘lgan yagona davlat emasligini aytgan.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, garchi xalqaro maydonda bunday taxminlar va ehtimollar muhokama qilingan bo‘lsa-da, O‘zbekiston hozircha mazkur kelishuvga qo‘shilgani yo‘q.

Teglar

Mavzuga oid