Iyun oyida avtomobil savdosi oshdi, elektromobillar rekord o‘sish ko‘rsatdi
Iyun oyida O‘zbekistonda 61,4 mingta yengil avtomobil sotildi. Bu may oyiga nisbatan 14 foizga ko‘p, ammo o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 23 foizga kam.
© vaqt.uzIyun oyida O‘zbekistonda avtomobil bozori barcha segmentlarda faollashdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, oy davomida barcha turdagi avtotransport vositalari savdosi 80,2 mingtadan oshib, may oyiga nisbatan 18 foizga o‘sdi. May oyida ushbu ko‘rsatkich 68 mingtani tashkil etgan edi.
Yengil avtomobillar savdosi iyun oyida 61,4 mingtani tashkil qildi. Bu may oyiga nisbatan 14 foizga ko‘p bo‘lsa-da, 2025 yilning iyuniga nisbatan 23 foizdan ortiq past ko‘rsatkich hisoblanadi. Bozordagi bitimlarning qariyb 61 foizi ikkilamchi bozor hissasiga to‘g‘ri keldi.
Hududlar kesimida avtomobil savdosi deyarli barcha viloyatlarda o‘sdi. Pasayish faqat Jizzax viloyatida qayd etildi va u yerda savdo hajmi 2,2 foizga qisqardi. Eng yuqori o‘sish Surxondaryo, Xorazm, Sirdaryo, Samarqand, Qashqadaryo hamda Andijon viloyatlarida kuzatildi.
Toshkent shahrida esa iyun oyida 17,9 mingta avtotransport vositasi sotilib, oylik o‘sish 9 foizni tashkil qildi.
Birlamchi bozor
Yangi yengil avtomobillar savdosi iyun oyida 11 foizga o‘sib, 24 mingtaga yetdi. Biroq yillik hisobda bu segment ham pasayishni saqlab qoldi. O‘tgan yilning shu oyida mamlakatda 27,7 mingta yangi yengil avtomobil sotilgan edi.
O‘sishning asosiy qismi mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar hissasiga to‘g‘ri keldi. Ularning savdosi 12 foizga oshib, 18,8 mingtani tashkil qildi. Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi ham qariyb 7 foizga o‘sib, 5,1 mingtaga yaqinlashdi.
Ikkilamchi bozor
Ikkilamchi bozorda iyun oyida 37 mingdan ortiq yengil avtomobil sotildi. Bu bir oyda 16 foizdan ziyod o‘sishni anglatadi va birlamchi bozor sur’atlaridan yuqori bo‘ldi. Shu bilan birga, 2026 yilning birinchi yarim yilligida ikkilamchi bozorda jami qariyb 240 mingta avtomobil sotilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18 foizga kamaydi.
Elektromobillar savdosi tezlashdi
Iyun oyida elektromobillar bozori eng yuqori o‘sishni namoyon qildi. Birlamchi va ikkilamchi bozorlarda jami 8,4 mingta elektromobil sotildi. Bu may oyiga nisbatan 63,5 foizga ko‘pdir.
2026 yilning birinchi yarim yilligida mamlakatda 40 mingdan ortiq elektromobil sotilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizlik o‘sish qayd etildi.
Elektromobillar savdosining qariyb 63 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda oy davomida ushbu segment 78 foizga o‘sib, 5,3 mingtaga yetdi. Hududlar orasida eng yuqori o‘sish Jizzax viloyatida kuzatilib, bozor hajmi 101 foizga oshdi.





