Jahon banki Markaziy Osiyoga 3,2 mln dollar grant ajratdi

27.02.2026 | 19:342 daqiqa

Ushbu mablag‘ mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratish bo‘yicha dastlabki qadamlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Jahon banki Markaziy Osiyoga 3,2 mln dollar grant ajratdi

Jahon banki Markaziy Osiyo mamlakatlarida yagona elektr energiyasi bozorini shakllantirish jarayonini qo‘llab-quvvatlash uchun 3,2 mln dollar miqdorida grant ajratishini ma’lum qildi. Mablag‘ mintaqaviy bozorni tashkil etish bo‘yicha ilk institutsional va texnik qadamlarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Grant shartnomasi Jahon banki, «Energiya» muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, shuningdek Buyuk Britaniya va Shveytsariyaning Toshkentdagi elchixonalari vakillari ishtirokida imzolandi. Loyiha doirasida «Energiya» MDM rahbarligida pilot tashabbuslar amalga oshirilib, mintaqaviy bozor operatori funksiyalarini joriy etish rejalashtirilgan.

2026 yil yanvarda Jahon banki Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va tizimlarni integratsiya qilish dasturini tasdiqlab, uni amalga oshirish uchun 1 mlrd dollardan ortiq moliyalashtirishni ma’qullagan edi. Ushbu keng qamrovli dastur 2035 yilgacha mo‘ljallangan.

Dasturning asosiy maqsadi — mintaqa davlatlari o‘rtasida energetik bog‘liqlikni kuchaytirish va transchegaraviy savdo imkoniyatlarini kengaytirish. Shu bilan birga, elektr uzatish tarmoqlarining o‘tkazuvchanligini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini milliy tizimlarga integratsiya qilish ko‘zda tutilgan.

Ajratilgan grant mazkur strategik maqsadlarga erishishda amaliy mexanizmlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi. Loyiha davlatlararo muvofiqlashtirishni kuchaytirish, bozor qoidalarini uyg‘unlashtirish va mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi rahbari iste’foga chiqqanligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid