Jahonda neft narxi 100 dollardan oshdi
«Brent» nefti narxi 5 foizga oshib, 102 dollardan oshdi. Yaqin Sharqdagi mojaro yangi rekord xavfini kuchaytirmoqda.

26-mart kuni Londonning «ICE Futures» birjasida «Brent» markali neftning iyun oyi fyucherslari narxi 5 foizga oshdi. Savdo yakunlariga ko‘ra, bir barrel narxi 102,14 dollarga yetdi.
Ma’lumot Toshkent vaqti bilan soat 17:51 da qayd etilgan bo‘lib, bunday keskin o‘sish so‘nggi haftalardagi eng yuqori dinamikalardan biri bo‘ldi.
Mutaxassislarning fikricha, narxlar ko‘tarilishiga Yaqin Sharqdagi cho‘zilib borayotgan harbiy harakatlar asosiy omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu holat global energiya ta’minotida uzilishlar xavfini kuchaytiryapti.
Xavfli ssenariy
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft tashishdagi muammolar bozorga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
«Goldman Sachs» ekspertlari agar mazkur yo‘nalishdagi ta’minot bir oydan ortiq muddatga qisqarsa, «Brent» nefti narxi yanada keskin oshishi mumkinligini bildirgan.
Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu holat 2008-yildagi tarixiy rekorddan ham yuqori ko‘rsatkichlarga olib kelishi ehtimoli bor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Brent» neftining eng yuqori narxi 2008-yil 11-iyul kuni qayd etilgan. O‘shanda bir barrel neft 147,5 dollargacha ko‘tarilgan.
O‘sha paytda ham bozor Yaqin Sharqdagi geosiyosiy beqarorlikka sezilarli reaksiya bildirgan.
Avvalroq, Donald Tramp ma’muriyati neft narxi barreliga 200 dollargacha ko‘tarilishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy ssenariylarni ko‘rib chiqayotgani xabar qilingan edi.




