
Jahondagi kumush zaxiralarining yarmidan ortig‘ini uchta davlat nazorat qilmoqda
Kumush narxi tarixiy rekordlarni yangilab, bir unsiyasi 90 dollardan oshdi. Metallga bo‘lgan yuqori talab va uzoq muddatli tanqislik uni strategik resursga aylantirib qo‘ydi.

So‘nggi bir yilda kumush bozorida kuzatilgan misli ko‘rilmagan o‘sish investorlar e’tiborini ushbu metall zaxiralarining geografiyasiga qaratdi. 2024 yil yakunlariga ko‘ra, kumush narxi 160 foizga oshib, o‘sish sur’atlari bo‘yicha hatto oltinni ham ortda qoldirdi. Bu holat kumushning nafaqat qimmatbaho, balki muhim sanoat metali sifatidagi ahamiyati oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.
AQSH Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, jahondagi umumiy kumush zaxiralari taxminan 641 ming tonna deb baholanadi. Bu resurslarning eng katta qismi Peruga to‘g‘ri keladi. Mamlakatda 140 ming tonnadan ortiq kumush zaxirasi mavjud bo‘lib, bu jahon zaxiralarining qariyb 22 foizini tashkil etadi. Natijada, Peru kumush bozorida strategik ustunlikka ega davlat sifatida shakllangan.

Peru ortidan Avstraliya, Rossiya va Xitoy keladi. Ushbu uch davlat birgalikda jahon kumush zaxiralarining taxminan 40 foizini nazorat qiladi. Zaxiralarning bunday yuqori darajada ma’lum hududlarda jamlanishi global bozorda geoiqtisodiy xatarlarni kuchaytiradi.
Meksika misoli esa alohida e’tiborga loyiq. Mamlakat 2024 yilda 6,3 ming tonna kumush qazib olib, dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchi bo‘lib qoldi. Biroq Meksikaning razvedka qilingan zaxiralari atigi 37 ming tonnani tashkil etadi. Bu esa yuqori ishlab chiqarish sur’atlari uzoq muddatda resurs barqarorligiga tahdid solishini anglatadi.
The Silver Instituteʼning baholashicha, 2025 yil kumush bozorida talab taklifdan beshinchi yil ketma-ket yuqori bo‘lgan davrga aylandi. Yashil energetika, ayniqsa quyosh panellari, elektromobillar va elektronika ishlab chiqarishda kumushga ehtiyoj keskin oshmoqda. Bunga geosiyosiy noaniqliklar va dollar qadrsizlanishi ham qo‘shimcha bosim qilmoqda.

Muhimi, kumush saqlanadigan emas, sanoatda «sarflanadigan» metall hisoblanadi. U elektronika, tibbiyot va harbiy texnologiyalarda ishlatilib, ko‘p hollarda qayta ishlanmaydi. Shu sababli yer ustidagi zaxiralar oltinga nisbatan tezroq qisqarmoqda. Bu esa kumush narxlari uzoq muddat yuqori darajada qolish ehtimolini kuchaytiradi.





