Janubiy Koreya O‘zbekiston IT-ta’limi uchun 14 mln dollar grant ajratadi

Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) O‘zbekistonda IT-ta’lim ekotizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi grant loyihasini moliyalashtiradi.

Janubiy Koreya O‘zbekiston IT-ta’limi uchun 14 mln dollar grant ajratadi © Raqamli texnologiyalar vazirligi

O‘zbekiston axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini rivojlantirish uchun Janubiy Koreyadan 14 million dollarlik grant oladi. Loyiha doirasida Nukus va Qarshida IT-xablar tashkil etilib, raqamli kasblar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Loyihaning umumiy qiymati 14 million dollarni tashkil etadi va barcha xarajatlar Janubiy Koreya tomonidan qoplanadi. Tashabbusning asosiy maqsadi yoshlar bandligi va texnologik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

14 ta IT-markaz ishga tushiriladi

Loyiha doirasida Nukus va Qarshi shaharlarida zamonaviy IT-xablar tashkil etish, shuningdek yetti tumanda jami 14 ta IT-markazni ishga tushirish rejalashtirilgan. Qurilish va jihozlash ishlari 2026 yildan 2032 yilgacha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Ta’lim dasturi orqali yoshlar sun’iy intellekt, prompt-injiniring, dasturlash, narsalar interneti (IoT) va onlayn-marketing yo‘nalishlarida bilim oladi. To‘rt yillik dastur doirasida 500 nafar mutaxassis va o‘qituvchi tayyorlanishi ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, koreyalik ekspertlar startaplar uchun inkubatsiya dasturlarini yo‘lga qo‘yishda ham amaliy yordam beradi. Loyiha O‘zbekiston ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, innovatsion biznesni mustahkamlash va mamlakatning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid