Logo

Javohir Sindorov «Saint Louis Rapid & Blitz» turnirida qancha ishlab topdi?

Kecha 21:351 daqiqa

22–27-avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan finalning sovrin jamg‘armasi esa 450 ming dollarni tashkil qiladi, shundan 200 ming dollar g‘olibga beriladi. Sent-Luisdagi muvaffaqiyatli ishtirok Sindorovga finalga chiqish uchun kurashda o‘z pozitsiyasini yaxshilash imkonini berdi.

Javohir Sindorov «Saint Louis Rapid & Blitz» turnirida qancha ishlab topdi? © Foto: en.chessbase.com/

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov AQSHning Sent-Luis shahrida yakunlangan «Saint Louis Rapid & Blitz» turnirida ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda «Grand Chess Tour» seriyasining rasmiy saytida xabar berildi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, Sindorov 22 ochko to‘pladi. Ikkinchi o‘rin unga 40 ming dollar miqdoridagi mukofot puli va seriyaning umumiy reytingi uchun 10 ochko berdi. Turnir g‘olibi hindistonlik grossmeyster Rameshbabu Praggnanandha bo‘ldi. U 23,5 ochko to‘plab, o‘zbekistonlik shaxmatchidan 1,5 ochko oldinda turdi.

Sent-Luisdagi turnir «Grand Chess Tour» seriyasining bosqichlaridan biri hisoblanadi. Ularning har birida shaxmatchilar seriyaning umumiy reytingi uchun ochkolar jamg‘arib boradi. Musobaqa yakunlaridan so‘ng Javohir Sindorov 20,5 ochko bilan umumiy hisobda beshinchi o‘rinni egallab turibdi.

Reytingda peshqadam — Fabiano Karuana bo‘lib, uning hisobida 25 ochko bor. Keyingi o‘rinlarda Rameshbabu Praggnanandha (24,5 ochko), Uesli So (23,5 ochko) va Vinsent Kaymer (21 ochko) bormoqda. Kaymer hozircha finalga chiqish imkonini beruvchi so‘nggi o‘rinni egallab turibdi.

«Grand Chess Tour» finali Sent-Luis shahrida 22–27-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Uning sovrin jamg‘armasi 450 ming dollarni tashkil qiladi, shundan 200 ming dollar g‘olibga beriladi. Sent-Luisdagi muvaffaqiyatli ishtirok Sindorovga finalga chiqish uchun kurashda o‘z pozitsiyasini yaxshilash imkonini berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abduqodir Husanovning «Manchester Siti»dagi yangi maoshi ma’lum qilingandi.

Teglar

Mavzuga oid