add

JSTga bir qadam qoldi: a’zolik uchun 32 yillik uzoq yo‘l

Bugun 18:558345 daqiqa

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun O‘zbekistonga faqat Tayvan bilan kelishuv qoldi. Vaqt.uz ushbu harakatlar qachon boshlangani, muzokaralar xronologiyasi va Markaziy Osiyo davlatlarida a’zolik nega kutilgan natija bermaganini tahlil qildi.

JSTga bir qadam qoldi: a’zolik uchun 32 yillik uzoq yo‘l

Shu yilning 21-dekabr kuni Sankt-Peterburgga amaliy tashrifi doirasida Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan birgalikda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishi jarayonida bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlovchi bayonnoma imzolandi

JST 01

Hujjat JSTga a’zo bo‘lish doirasida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida olib borilgan ikki tomonlama muzokaralarni rasman yakunladi.

bugungi kunga qadar protokollar 33 mamlakatdan 31 tasi bilan imzolangan. Muzokaralarni faqat Tayvan (Xitoy Taypeyi) bilan yakunlash qoldi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2026 yilda Kamerunda o‘tkaziladigan 14-vazirlar konferensiyasiga qadar JSTga a’zo bo‘lishni maqsad qilgan.

Avvalroq, JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili, bosh muzokarachi Azizbek Urunov tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonining kechikishi mumkinligidan xavotirda ekanligini bildirgan edi.

Vaqt.uz JSTga a’zolik harakatlari qachon boshlangani hamda davlatlar bilan muzokaralar xronologiyasini jamladi. Shuningdek, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida tashkilotga a’zolik nega kutilgan foydani bermaganini o‘rgandi.

 

JSTga a’zolik harakatlari qachon boshlangan?

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni 1994 yildan boshlangan. 1998 yilda buni amalga oshirish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzilgan. Keyingi yillarda ushbu ishchi guruh faqat uch marta uchrashgan va noma’lum sabablarga ko‘ra a’zolik ishlari susaygan.

2005 yil o‘rtalariga kelib, xalqaro ekspertlar bilan uchrashuvlar to‘xtab qolgan. 2020 yil iyul oyida jarayon yana jonlanib, ishchi guruhning to‘rtinchi yig‘ilishi o‘tkazilgan. Keyin 2022 yil iyun, 2023 yil mart va 2023 yil noyabr oylarida uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan.

2023 yil sentabrida Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasi doirasida JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. Unda bosh direktor O‘zbekiston tomonidan tashkilotga a’zo bo‘lish borasida ko‘rilayotgan choralarni yuqori baholagan. Shundan so‘ng tashkilotga qo‘shilish harakatlari tezlashgan.

JST 02

2024 yilning 5-iyun kuni O‘zbekistonga tashrif buyurgan Ngozi Okonjo-Iveala JSTga a’zolik qanday imkoniyatlar taqdim etishini aytib o‘tgan edi:

«JSTga a’zolik O‘zbekiston korxonalariga yangi bozorlar va imkoniyatlar ochadi. Tarkibiy infratuzilmani yaxshilash va O‘rta koridor bilan bog‘lanish uchun qilingan investitsiyalar O‘zbekistonni dunyo bilan bog‘langan mamlakatlar qatoriga qo‘shadi. Bu logistikada raqobatbardoshroq bo‘lishga yordam beradi. Ishonamanki, biz bunga erishamiz», — degan JST bosh direktori.

Shuningdek, Ngozi Okonjo-Iveala so‘nggi o‘n yilliklarda JSTga qo‘shilgan mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish kuzatilayotganini ta’kidlab, tashkilot a’zolari dunyo savdosining 98 foizini qamrab olishini ma’lum qilgan.

mirziyoyev ngozi

 

Teskari xronologiya

21-dekabr kuni O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida Rossiya bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlovchi protokolni imzoladi.

15-dekabr kuni Yevropa Ittifoqi bilan bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama protokol imzolangani ma’lum qilindi.

14-dekabr kuni O‘zbekiston Ekvador bilan ham muzokaralarni yakunlab, kelishuvni imzolagan.

Noyabr oyida Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan 11-yig‘ilishda Kanada va Panama bilan ikki tomonlama bozorga kirish shartlari yuzasidan muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangan.

Oktyabr oyi oxirida Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 ta davlat bilan bozorlarga kirish, xususan eksport va import bojlari kelishib olingan. Ma’lumot uchun, mart oyida O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish doirasida Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralarni qisman yakunlagan, xizmatlar bo‘yicha kelishuvga erishilgan, tovarlar bo‘yicha esa muzokaralar qolgan edi.

Sentyabr oyida O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha Argentina, Avstraliya va Honduras bilan protokollarni imzolagan.

21-iyul kuni Jenevada O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida JSTga qo‘shilish doirasidagi ikki tomonlama muzokaralar rasman yakunlangan.

Iyun oyida O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida Buyuk Britaniya bilan muzokaralarni yakunlagan.

Shuningdek, 2024 yilda O‘zbekiston AQSH, Filippin va Xitoy bilan ham kelishuvga erishgan.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralar guruhi 2024-yilda 26−29-fevralda Abu Dabida bo‘lib o‘tgan JST vazirlarining 13-konferensiyasi doirasida uch davlat — Yaponiya, Isroil va Dominikan Respublikasi bilan bozorga kirish protokollari imzolangani hamda Tailand bilan muzokaralar yakunlangani haqida e’lon qilgan edi.

 

Qo‘shni davlatlarga tashkilotga a’zolik nega kutilgan natijani bermadi?

Markaziy Osiyo davlatlarining Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish tajribasi bir xil emas. Bu masalani «Vatandosh» intellektual klubida bo‘lib o‘tgan muhokamada iqtisodchi Valijon To‘raqulov atroflicha tushuntirib bergan.

JST 03

 

Qirg‘iziston 1996 yilda a’zolik arizasini berib, ikki yil ichida JSTga qo‘shilgan. Tojikiston 2013 yilda tashkilotga a’zo bo‘lgan. Qozog‘iston esa uzoq muzokaralardan so‘ng 2015 yilda a’zolikka qabul qilingan. O‘zbekiston esa 1994 yilda ariza berganiga qaramay, hanuzgacha to‘liq a’zolikka erisha olmagan. Turkmaniston esa faqat 2022 yilda ariza bergan — bunga gaz eksporti hajmining pasayishi va iqtisodiy diversifikatsiyaga ehtiyoj kuchaygani sabab bo‘lgan.

Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: nega ayrim davlatlar bizdan oldin JSTga a’zo bo‘ldi va nega bu a’zolik ularda keskin iqtisodiy sakrashni ta’minlamadi?

JST 04

Iqtisodiy ko‘rsatkichlarga, xususan yalpi ichki mahsulot (YAIM) o‘sishiga qaralsa, JSTga a’zolik bilan rivojlanish o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va avtomatik bog‘liqlikni ko‘rish qiyin. Chunki har bir davlatning o‘ziga xos muammolari mavjud bo‘lgan.

Masalan, Qirg‘iziston 1998 yilda JSTga a’zo bo‘lgan, ammo bu davr Osiyo va Rossiya moliyaviy inqirozlariga to‘g‘ri kelgan. Keyingi yillarda mamlakatda siyosiy beqarorlik kuchayib, 2005 va 2010 yillarda jiddiy siyosiy to‘qnashuvlar yuz bergan. Bu esa investorlar uchun ishonchni susaytirgan.

Qozog‘istonda esa iqtisodiyotning neft, gaz va boshqa tabiiy boyliklarga ortiqcha tayanishi diversifikatsiyani sekinlashtirgan. Shu bilan birga, mamlakatning bir vaqtning o‘zida YOII va JSTga a’zo bo‘lishi qonunchilikda ziddiyatlar keltirib chiqargan.

Tojikistonda esa eksport saloxiyati cheklangan: asosiy eksport mahsulotlari — suv resurslari va alyuminiy. YAIMning qariyb 35 foizi mehnat migrantlari pul o‘tkazmalari hisobiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli JST a’zoligi katta iqtisodiy sakrash bermagan.

Afg‘oniston holati esa siyosiy va xavfsizlik inqirozlari sabab alohida baholanadi.

Shu fondda O‘zbekistonning imkoniyatlari nisbatan yuqoriroq baholanadi. Mamlakatda sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar va logistika sohalarini rivojlantirish salohiyati mavjud. Tarixan ham Markaziy Osiyo Buyuk Ipak yo‘lining markazi bo‘lgan.

XV asrdan keyin dengiz yo‘llarining kashf etilishi mintaqaning tranzit ahamiyatini pasaytirgan. Bugun esa savdo yo‘llari ko‘p qirrali. Ushbu tizimga qaytib ulanish uchun ta’minot va qiymat zanjirlariga integratsiya zarur.

Xulosa qilib aytganda, JSTga a’zolik o‘z-o‘zicha mo‘’jiza yaratmaydi, ammo u global iqtisodiy tizimga to‘liq qo‘shilish uchun eng muhim boshlang‘ich bosqich hisoblanadi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 23

Barchasi

Mavzuga oid