add

JSTga a’zolik: Yevroittifoq va Ekvador bilan kelishuv imzoladi

Bugun 08:188482 daqiqa

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish jarayonida Yevropa Ittifoqi va Ekvador bilan bozorga kirish bo‘yicha muhim ikki tomonlama protokollarni imzoladi.

JSTga a’zolik: Yevroittifoq va Ekvador bilan kelishuv imzoladi

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi va Ekvador bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish doirasida bozorga kirish masalalari bo‘yicha kelishuvlarni rasman imzoladi. Bu haqda Prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov LinkedIn sahifasida ma’lum qildi.

15-dekabr kuni O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama protokol imzolangani ma’lum qilindi. Azizbek O‘runov mazkur hujjatni O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishida «juda muhim ildam qadam» sifatida baholadi. Protokol savdo rejimini liberallashtirish va O‘zbekiston bozorining Yevropa kompaniyalari uchun ochiqligini oshirishni nazarda tutadi.

14-dekabr kuni esa O‘zbekiston Ekvador bilan ham bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlari asosida protokol imzolagan. Ekvador O‘zbekistonning Janubiy Amerikadagi ikkinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi. Prezidentning JST bo‘yicha vakiliga ko‘ra, Ekvadorning qo‘llab-quvvatlashi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishi uchun muhim ahamiyatga ega.

Azizbek O‘runovning ta’kidlashicha, ushbu kelishuv Markaziy Osiyo va Janubiy Amerika o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi. Shu bilan birga, Ekvadorning rasmiy qo‘llab-quvvatlashi JSTga a’zo davlatlar orasida O‘zbekistonning pozitsiyasini kuchaytiradi.

16-dekabr kuni JST Bosh kengashi 2026 yilda Kamerunda o‘tkazilishi rejalashtirilgan 14-Vazirlar konferensiyasiga tayyorgarlik ishlarini boshladi. Ushbu jarayon O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilish taqvimi nuqtayi nazaridan ham muhim bosqich hisoblanadi.

Avvalroq, sentabr oyida O‘zbekiston Argentina, Avstraliya va Honduras bilan bozorga kirish bo‘yicha protokollar imzolagan edi.

Azizbek O‘runovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston JSTga to‘liq a’zo bo‘lishi uchun hozircha Rossiya va Tayvan bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash qolmoqda.

Avvalroq Moskvada O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Rossiya bilan muzokaralar yuzasidan samarali uchrashuv o‘tkazilgani, muzokaralar deyarli yakuniga yetgani, asosiy masalalar to‘liq kelishib olingan, faqat texnik detallarni yakunlash qolgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid