Jurnalistlar uyushmasiga yangi rahbar tayinlandi
Shuhrat Orif uyushma raisi vazifasini bajaruvchi bo‘ldi. Oldingi rahbar esa uning birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Boshqaruvining bugun, 6-martdagi yig‘ilishida qabul qilingan qaror bilan Shuhratjon Orip o‘g‘li Oripov (Shuhrat Orif) uyushma raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Shuhrat Oripov mehnat faoliyatini 1999-yilda jurnalist sifatida boshlagan. U bir qancha gazetalarda faoliyat yuritgan. Keyinchalik davlat va jamoat tashkilotlarida (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida), shuningdek, siyosiy partiya (UzLiDep) tizimida axborot siyosati va matbuot xizmati yo‘nalishlarida faoliyat olib borgan. U tayinlovga qadar Biznesni rivojlantirish banki matbuot xizmati boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.
Oldingi rais qayerga ishga o‘tdi?
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelayotgan Xolmurod Salimov Uyushma raisi birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlandi. U 2021-2023-yillarda uyushma raisi bo‘lib ishlagan Olim O‘sarov Prezident Administratsiyasiga ishga o‘tgandan buyon rais vazifasini bajaruvchi sifatida ishlab kelayotgan edi.
U bundan oldin ham – 2020-yilning oktabr oyidan 2021-yilning iyun oyigacha – uyushmada rahbar vazifasini bajargan.
Uyushmani shu paytgacha kimlar boshqargan?
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi 1957-yil avgust oyida ish boshlagan. Uyushmaga dastlab 1957-1962-yillarda taniqli adib Ibrohim Rahim, 1962-1987-yillarda Ziyod Yesenbayev, 1987-1988-yillarda Sobir Qurbonov, 1988-1991-yillarda Ahmadjon Muxtorov, 1991-1996-yillarda Lutfulla Kabirov raislik qilgan.
1996-yil Uyushma negizida O‘zbekiston Ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish va qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy-siyosiy jamg‘armasi tashkil etilgan. Unga 1997-2004-yillari Xurshid Do‘stmuhammad (Ahmadjon Meliboyev va Ahmad A’zam jamoatchilik asosida) hamrais sifatida faoliyat yuritgan.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi 2004-yil 26-mart kuni Toshkentda o‘tkazilgan ta’sis konferensiyasida qayta tuzilgan. Uyushmaga 2004-2014-yillari taniqli jurnalistlar Sherzod G‘ulomov, so‘ngra Ibrohim Halimbekov rahbarlik qilgan. 2016-yilning mart oyidan dekabrgacha O‘ktam Mirzayorov uyushma raisi vazifasini vaqtincha bajarib kelgan bo‘lsa, 2016-yildan 2020-yilning oktabr oyigacha O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi Sa’dulla Hakimov Uyushma rahbari sifatida samarali mehnat qilgan.





