
Kasbiy ta’lim agentligi direktoriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Hukumat qarori bilan yangi tashkil etilgan agentlik rahbariyatiga qator tayinlovlar amalga oshirildi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi direktori o‘rinbosari lavozimlariga tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qarorga muvofiq, Shihnazar Sharofaddinov Kasbiy ta’lim agentligi direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U tayinlovga qadar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida faoliyat yuritib, Kasbiy ta’lim departamenti boshlig‘i vazifasini bajarib kelgan.
Shuningdek, Avzalxon Abdullaxonov agentlik direktori o‘rinbosari etib tayinlandi. U bunga qadar Kasbiy ta’lim agentligining Moliya-iqtisodiyot va moddiy-texnik bazani mustahkamlash boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlab kelgan.
Kasbiy ta’lim agentligi 2025 yil kuzida tashkil etilgan bo‘lib, hozirda unga Azimjon Husanov rahbarlik qilmoqda. Agentlikning asosiy vazifalari kasbiy ta’lim tizimini zamonaviy talablarga moslashtirish, mehnat bozori ehtiyojlariga yo‘naltirilgan kadrlar tayyorlash va ta’lim muassasalari faoliyati samaradorligini oshirishdan iborat.
Ma’lumot uchun, agentlikni tashkil etish tashabbusi 8-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ilgari surilgan. Dastlab agentlik Vazirlar Mahkamasi qoshida faoliyat yuritishi rejalashtirilgan edi. Biroq 23-oktabr kuni davlat rahbari agentlikning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlarini belgilab beruvchi tegishli farmonni imzoladi.





