
Ketma-ket 8 kunlik o‘sish: dollar o‘z qurbini tiklayaptimi?
Dollar kursi bugun, 15-dekabr kuni yana 33 so‘m atrofida oshishi kutilmoqda. Shu tariqa dollar ketma-ket 8 ish kunidan beri qimmatlamoqda. Bu holat 2023 yildan beri birinchi marta sodir bo‘ladi. Xo‘sh, dollar qaytdimi?

Uzoq yillar davomida o‘zbekistonliklar uchun dollar ishonchli valuta bo‘lib kelgan. Aholining aksariyat qismi dollarda pul yig‘ardi. Moliyaviy qarorlar ham doimo dollar o‘sishini inobatga olgan holda qabul qilinardi.
Ammo, 2025 yil — yillar davomida shakllanib kelgan tushunchalarni buzib yubordi. Fevral oyida 1 dollar ilk marta 13 000 so‘mdan oshgan bo‘lsa, noyabr oxiriga kelib 11 880 dollargacha pasaydi. Biroq, dekabrdan boshlab yana o‘sish boshlandi.
Dollar kursi bugun, 15-dekabr kuni yana 33 so‘m atrofida oshishi kutilmoqda. Shu tariqa dollar ketma-ket 8 ish kunidan beri qimmatlamoqda.
Bu holat 2023 yildan beri birinchi marta sodir bo‘ladi. So‘nggi 8 kun ichida so‘mga nisbatan dollarning almashinuv kursi prognoz bilan 250 so‘mdan ko‘proqqa o‘sdi.
Xo‘sh, dollar nega ko‘tarilmoqda? Yana avvalgidek o‘sishda davom etadimi? Keling, shu savollarga javob berishga harakat qilamiz.
Pul o‘tkazmalari
2025 yil so‘mning dollarga nisbatan mustahkamlanishiga O‘zbekistonga kirib kelayotgan pul o‘tkazmalari katta hissa qo‘shdi.
Yil boshidan beri mamlakatga 17 mlrd dollardan oshiq xorijiy pul o‘tkazmalari keldi. Biroq, bu ko‘rsatkich noyabr oyida sezilarli qisqardi — 1,86 mlrd dollardan 1,48 mlrd dollarga. Bu so‘nggi yillardagi eng katta oylik pasayish hisoblanadi.
Pul o‘tkazmalari so‘nggi yillardagi tendensiyaga ko‘ra, dekabr oyida ham pasayishi kutilmoqda. Bu esa dollar yilni mustahkam yakunlashi bo‘yicha kutilmalarni yuzaga chiqaradi.
Oltin — O‘zbekiston uchun muhim jihat
2025 yilda O‘zbekiston 7 oydayoq oltin tushumlari bo‘yicha rekordni yangiladi. Ya’ni 7 oy ichida, butun boshli 2024 yildagidan ko‘ra ko‘proq oltin eksporti amalga oshirildi.
Bu, albatta, joriy yilda oltin narxi yuqori shakllangani bilan bog‘liq. Qimmat oltin mamlakat uchun so‘mning mustahkamlanishiga yordam berdi.
So‘nggi bir oyda oltin narxlari nisbatan past shakllangani esa so‘mga salbiy ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.
Avgustdan oktabrgacha uch oydan ko‘proq vaqt davomida oltin narxi barqaror o‘sishda davom etdi va bir necha bor rekordlar qayd etildi. Qimmatbaho metal unsiyada 4 400 dollarga yaqinlashdi.
Natijada, 1-avgustdan 31-noyabrgacha dollarning so‘mga nisbatan kursi qariyb 700 so‘mga tushdi.
Noyabr oyida esa oltin narxi pasayishni boshladi va 4 000 dollardan tushib ketdi. Ushbu narx tushishi vaqt o‘tib so‘mga bosimni yuzaga keltirayotgan bo‘lishi mumkin.
Biroq, dekabrda oltin narxlari yana o‘sishni boshladi. Ayni paytda oltin 4 350 dollar atrofida bo‘lib turibdi.
Kutilmalar qanday?
Tahlilchilar orasida dollar kursi yilni mustahkam yakunlashi haqida kutilmalar bor. So‘nggi yillarda, odatda dekabr oyi so‘m uchun og‘irroq bo‘ladi.
S&P xalqaro reyting agentligi o‘tgan oy 2025 yilni dollar 12 050 so‘m atrofida yakunlashini prognoz qilgandi. Dollar 11 880 so‘mgacha pasaygan bir vaqtda bu ko‘pchilik uchun noreal ko‘ringandi.
Agentlik 2026 yil so‘nggida so‘mning dollarga nisbatan kursi 12 600 so‘mga yaqin bo‘lishini, 2027 yilda esa yana 13 000 so‘mdan oshishini kutmoqda.
2025 yilda dollarning zaiflashuviga AQSH prezidenti Donald Trampning keskin siyosati sabab bo‘lgandi. Agar keskin qarorlar bo‘lmasa, dollar keyingi bir necha yil davomida barqarorlikni saqlab qoladi.
Ayni paytda dunyo moliya bozorida uning o‘rnini bosadigan boshqa kuchliroq valuta yo‘q. Zaif dollar ham, hozircha eng qudratli valuta bo‘lib qolmoqda.
Fozil Qambarov tayyorladi.





