add

Kitob o‘qigan ayrim mahkumlarning jazo muddati qisqartiriladi

Bugun 13:342 daqiqa

Belgilangan adabiyotlarni o‘qigan mahkumlar jazo muddatini qisqartirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilganlar bundan mustasno.

Kitob o‘qigan ayrim mahkumlarning jazo muddati qisqartiriladi

2026 yil 15-yanvarda qabul qilingan O‘RQ–1114-sonli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ushbu yangiliklar mahkumlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi va qayta ijtimoiylashuviga qaratilgan choralarni kengaytirishni nazarda tutadi.

Qonunga muvofiq, Jinoyat kodeksining 73-moddasi 4-qismida ko‘rsatilgan shaxslar, umrbod ozodlikdan mahrum etilganlardan tashqari, jazoni o‘tash davrida muddatni qisqartirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunda asosiy shart — mahkumning belgilangan tartibda tasdiqlangan adabiyotlar ro‘yxatidagi kitoblarni o‘qiganligi rasman tasdiqlanishi lozim.

Yangi tartibga ko‘ra, har bir o‘qilgan kitob uchun jazo muddati 3 kunga qisqartirilishi mumkin. Biroq bir yil davomida qisqartirishning eng yuqori chegarasi 30 kundan oshmasligi belgilangan. Bu me’yor mahkumlarni muntazam mutolaaga undash bilan birga, tizimli nazoratni ham ta’minlaydi.

Mahkumning kitob o‘qiganligini tasdiqlash maxsus komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Komissiya tarkibiga jazoni ijro etish muassasasi xodimlari, jamoatchilik vakillari kiradi. Tekshiruv mahkumning muassasa ma’muriyatiga bergan arizasi asosida o‘tkaziladi.

Komissiya yig‘ilishlari yiliga kamida ikki marta tashkil etiladi. Imtihon va baholash natijalariga ko‘ra, mahkumning kitob o‘qiganligi haqida xulosa qabul qilinadi. Ushbu xulosaning nusxasi prokurorga yuboriladi va mahkumga tanishtiriladi.

Agar xulosa ijobiy bo‘lsa, muassasa ma’muriyati sudga jazo muddatini qisqartirish to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi. Yakuniy qaror esa sud tomonidan qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga pul mukofoti berilishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid