
Kitobxonlikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi
Iste’dodli mualliflarga ijod qilish uchun barqaror shart-sharoit yaratish maqsadida bir yilgacha muddatga har oy bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha haq to‘lash joriy etiladi.

O‘zbekistonda kitobxonlik madaniyatini tizimli rivojlantirishga qaratilgan yangi moliyaviy va tashkiliy mexanizm joriy etiladi. 2026 yil 15-yanvarda qabul qilingan «Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga muvofiq, mamlakatda 2026–2030 yillar davomida har bir inson o‘qiydigan kitoblar sonini yillik o‘rtacha 10 taga yetkazish maqsad qilib qo‘yildi.
Qarorda belgilanishicha, bu maqsadga erishish uchun Yoshlar ishlari agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi. Jamg‘armaning vasiylik kengashi tarkibi ham tasdiqlanib, uning faoliyati orqali adabiyot sohasidagi ustuvor loyihalarni qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.
Jamg‘arma mablag‘lari, avvalo, yosh ijodkorlar va bolalar adabiyotini rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi. Xususan, tanlov asosida yosh yozuvchilarga grantlar ajratish, ularning asarlarini nashr etish hamda bolalar adabiyoti bo‘yicha maxsus loyihalarni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, iste’dodli mualliflarni aniqlash va ularga ijod qilish uchun barqaror shart-sharoit yaratish maqsadida bir yilgacha muddatga har oy bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha haq to‘lash amaliyoti joriy etiladi. Bu chora mualliflarning ijodiy faolligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Qarorda tarjima sohasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Eng sara xorijiy asarlarni o‘zbek tiliga, milliy adabiyot namunalarini esa xorijiy tillarga tarjima qilish va nashr etish xarajatlarining 50 foizi, mualliflik huquqi bilan bog‘liq xarajatlarning esa 80 foizi qoplab beriladi. Bundan tashqari, jamg‘armaning vasiylik kengashi a’zolariga har chorakda rag‘batlantiruvchi to‘lovlar belgilangan.





