
Koinotda favqulodda holat: «SpaceX» kemasi Yerga qaytarildi
25 yil ichida ilk bor Xalqaro koinot stansiyasi missiyasi muddatidan oldin to‘xtatildi.

So‘nggi 25 yil ichida ilk bor Xalqaro koinot stansiyasi (XKS) ekipaji fazogirlardan birining kasalligi sabab muddatidan oldin Yerga qaytdi. Suvga qo‘nish bugun, 15-yanvar kuni AQSHda amalga oshirildi.
NASA ma’lumotlariga ko‘ra, to‘rt nafar fazogir bo‘lgan SpaceX Dragon kapsulasi Kaliforniya qirg‘oqlari yaqinida muvaffaqiyatli suvga qo‘ngan. Ekipaj tarkibiga amerikalik Zena Kardman va Maykl Finke, yaponiyalik Kimiya Yui hamda rossiyalik kosmonavt Oleg Platonov joy olgan. Ular ochiq koinotda 167 kun bo‘lishdi.
Qayd etilishicha, parvoz fazogirlardan birining sog‘lig‘idagi muammolar tufayli muddatidan oldin yakunlangan. Muammo aynan kimda ekanini NASA ochiqlamadi. Biroq ekipaj a’zosining ahvoli barqaror ekani aytilmoqda.
NBC News nashrining yozishicha, bu Xalqaro koinot stansiyasining 25 yillik tarixida orbitadagi fazogirlarning tibbiy muammolari tufayli missiya to‘xtatilgan ilk holatdir.
Bild xabariga ko‘ra, bortdagi kasallik haqida yanvar oyi boshida ma’lum bo‘lgan: avvaliga shu sababli ochiq koinotga chiqish qoldirilgan, so‘ngra NASA missiyani to‘liq to‘xtatishga qaror qilgan.
Hozirda XKSda noyabr oyida «Soyuz» kemasida kelgan NASA astronavti Kristofer Uilyams hamda kosmonavtlar Sergey Mikayev va Sergey Kud-Sverchkov qolmoqda.





