Kolumbiyada 125 kishi bo‘lgan harbiy samolyot quladi
Kolumbiyada bortida 125 kishi bo‘lgan harbiy samolyot quladi, kamida 66 halok bo‘lgani aytilmoqda.

Kolumbiyada Lockheed Martin kompaniyasiga tegishli C-130 Hercules rusumidagi harbiy-transport samolyoti halokatga uchrab, kamida 66 kishi halok bo‘ldi. Bortda jami 125 nafar — 114 yo‘lovchi va 11 ekipaj a’zosi bo‘lgani ma’lum qilindi.
Samolyot mamlakat janubidagi Puerto-Legisamo shahridan uchib chiqqanidan so‘ng taxminan ikki kilometr masofada qulagan. Halokat vaqtida bortdagi harbiylar Peru va Ekvador bilan chegaradosh Putumayo departamentiga yo‘l olgan edi.

Qutqaruv ishlari davom etmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, bir necha kishi bedarak yo‘qolgan va ularni qidirish ishlari olib borilmoqda. Jabrlanganlarni evakuatsiya qilish uchun ikkita samolyot jalb qilinib, ular Bogota va boshqa shaharlardagi shifoxonalarga yetkazilgan.
Fojea sabablari
Mamlakat mudofaa vaziri Pedro Sanchesning bildirishicha, harbiy bo‘linmalar voqea joyida ish olib bormoqda. Halokatning aniq sabablari hozircha ochiqlanmagan va tekshiruv ishlari boshlangan.

Mutaxassislar dastlabki taxmin sifatida texnik nosozlik yoki inson omilini istisno qilmayapti. Shu bilan birga, rasmiy xulosa tekshiruv natijalariga ko‘ra e’lon qilinishi aytilmoqda.
C-130 Hercules samolyotlari 1950-yillardan beri xizmat qilib keladi. Kolumbiya ushbu turdagi ilk samolyotlarni 1960-yillar oxirida qabul qilgan va keyinchalik ularning ayrimlarini yangilagan.
Avvalroq mudofaa vaziri harbiy texnikani modernizatsiya qilish jarayonida byurokratik to‘siqlar mavjudligini ta’kidlagan edi. Fevral oyi oxirida Boliviyada ham xuddi shu rusumdagi samolyot halokatga uchragani eski park muammosini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.





