Logo

Konsert va ommaviy tadbirlarda xavfsizlik xizmati pulli bo‘lishi mumkin

Bugun 19:373 daqiqa

IIV ommaviy tadbirlarni o‘tkazish tartibini o‘zgartirishni taklif qilmoqda.

Konsert va ommaviy tadbirlarda xavfsizlik xizmati pulli bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonda ommaviy tadbirlar vaqtida jamoat xavfsizligini ta’minlash xizmatlari pulli bo‘lishi mumkin. Ichki ishlar vazirligi tegishli qaror loyihasini normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirdi.

Hujjatda 100 va undan ortiq kishi ishtirok etadigan tadbirlar uchun elektron ruxsatnoma olish, xavfsizlik xizmatlari haqini to‘lash va chiptalarni elektron shaklda sotish tartibini joriy etish nazarda tutilgan.

Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, ommaviy tadbirlar qatoriga 100 va undan ortiq kishi ishtirokidagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy, ko‘ngilochar, sport, bayram, diniy, tijorat-reklama va ma’rifiy-ta’lim tadbirlari kiritiladi.

Biroq yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari, namoyishlar, to‘ylar, oilaviy va yubiley tadbirlari hamda oilaviy aza marosimlariga yangi qoidalar tatbiq etilmaydi.

Xavfsizlik xizmati qancha turadi?


Loyihada ommaviy tadbirlar vaqtida ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va sog‘liqni saqlash organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xavfsizlik xizmatlarini pulli asosda tashkil etish taklif qilingan.

Bunda birinchi toifadagi tadbirlar tashkilotchilari Milliy gvardiya bilan, ikkinchi toifadagi tadbirlar tashkilotchilari esa ichki ishlar organlari bilan shartnoma tuzishi kerak bo‘ladi. Shartnoma tadbir boshlanishidan kamida 10 ish kuni oldin rasmiylashtirilishi lozim.

Xizmatlar qiymati jalb qilinadigan xodimlar soni va tadbir davomiyligiga qarab hisoblanadi. Loyihaga muvofiq, bir kishi-soat qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 7 foizini, ya’ni 30 800 so‘mni tashkil etadi.

Shartnomaning umumiy qiymati bir kishi-soat qiymatining kamida 50 foizini jalb qilinadigan xodimlar soni va tadbir soatlariga ko‘paytirish orqali aniqlanadi. Favqulodda vaziyatlar va tibbiy xizmatlar uchun to‘lovlar ham shartnomada hisobga olinadi.

Ayrim toifadagi tadbirlar, ko‘chma sirk tomoshalari va saylovoldi tashviqoti tadbirlarida xavfsizlik xizmatlarini bepul ko‘rsatish belgilangan.

Ruxsatnoma va elektron chiptalar

Qaror loyihasida ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnomalarni maxsus elektron axborot tizimi orqali berish taklif qilinmoqda. Odatda, ruxsatnoma muayyan tadbirni bir marta o‘tkazish uchun beriladi.

Biroq bir tashkilotchi tomonidan bir joyda, bir xil dastur asosida o‘tkaziladigan konsertlar, teatr spektakllari yoki sirk tomoshalari uchun bir yilgacha muddatga yagona ruxsatnoma olish mumkin bo‘ladi.

Ruxsatnoma olinguniga qadar tashkilotchilar tadbir haqida ommaviy axborot vositalari va internetda e’lon berishi, reklama materiallarini tarqatishi hamda chiptalar sotishi mumkin bo‘lmaydi.

Davlat organlari hujjatlari asosida reyestrga kiritilgan obyektlardagi ayrim tadbirlar, ko‘chma sirk tomoshalari va saylovoldi tashviqoti tadbirlari uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi. Biroq ular haqida vakolatli organ kamida 10 ish kuni oldin xabardor qilinishi lozim.

Shuningdek, madaniy tadbirlar, ko‘ngilochar dasturlar va sport musobaqalariga kirish chiptalarini elektron shaklda sotish taklif etilmoqda. Bu orqali chiptalarni belgilangan narxdan qimmatroqqa qayta sotish, qalbakilashtirish va ulardan takroran foydalanishning oldini olish ko‘zda tutilgan.

Dronlar va yangi nazorat tizimi


Loyihada tadbirlar vaqtida odamlar oqimini kuzatish va boshqarish, ishtirokchilar sonini hisobga olish hamda haddan tashqari gavjumlikni aniqlash uchun dronlardan foydalanish ham nazarda tutilgan. Ular ehtimoliy xavflar haqida o‘z vaqtida ogohlantirishga xizmat qilishi kerak.

Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish uchun vakolatli organlar huzurida maxsus komissiyalar tashkil etilishi taklif qilingan. Komissiyalar tadbir o‘tkaziladigan obyektlardagi xavfsizlik sharoitlarini tekshirishi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berishi mumkin.

Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligiga uch oy muddatda «E-jamoat xavfsizligi» tizimi tarkibida «E-ommaviy tadbir» modulini ishlab chiqish va ishga tushirish vazifasini yuklash taklif etilmoqda.

Qaror loyihasi 20-noyabrga qadar jamoatchilik muhokamasi uchun ochiq bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid

Konsert va ommaviy tadbirlarda xavfsizlik xizmati pulli bo‘lishi mumkin | Vaqt.uz