add

KXDR hakerlari kriptovalyuta o‘g‘irlashda yangi rekord o‘rnatdi

Bugun 08:582882 daqiqa

2025 yilda KXDR hakerlari kriptovalyuta o‘g‘irlash hajmini keskin oshirib, bir yil ichida 2 mlrd dollardan ortiq raqamli aktivlarni qo‘lga kiritdi.

KXDR hakerlari kriptovalyuta o‘g‘irlashda yangi rekord o‘rnatdi

2025 yil KXDR uchun kiberjinoyatchilik sohasida mutlaq rekordlar yili bo‘ldi. KXDR bilan bog‘liq hakerlar yil boshidan beri jami 2,02 mlrd dollardan ortiq kriptovalyuta o‘g‘irlagan. Bu haqda Yahoo Finance Chainalysis tahlillariga tayanib xabar berdi.

Blokcheyn tahlilchilariga ko‘ra, joriy yilda KXDR hakerlari o‘g‘irlagan kriptovalyuta hajmi 2024 yilga nisbatan 50 foizga ko‘p. Umuman olganda, 2016 yildan beri Pyongyang rejimi noqonuniy ravishda 6,75 mlrd miqdorida raqamli aktivlarni qo‘lga kiritgan. Mutaxassislar bu ko‘rsatkich KXDR byudjeti uchun eng daromadli «yashirin manbalar»dan biriga aylanganini ta’kidlamoqda.

2025 yildagi o‘g‘irliklarning katta qismi bitta yirik kiberhujum hissasiga to‘g‘ri keladi. Fevral oyi oxirida hakerlar Bybit kriptobirjasini buzib, 1,5 mlrd dollar miqdorida mablag‘ni chiqarib olgan. Bu hodisa kriptoindustriya tarixidagi eng yirik o‘g‘irlik sifatida qayd etildi. Solishtirish uchun, 2025 yil davomida butun dunyo bo‘ylab kriptovalyuta o‘g‘irliklarining umumiy hajmi 3,4 mlrd dollarni tashkil etgan.

AQSH va BMT rasmiylari 2019 yildan buyon KXDR hakerlari tomonidan o‘g‘irlangan mablag‘lar mamlakatning yadroviy va raketa dasturlarini moliyalashtirishga yo‘naltirilayotganini ta’kidlab keladi. Bu esa kriptovalyutani xalqaro sanksiyalarni aylanib o‘tishning asosiy vositalaridan biriga aylantirgan.

Chainalysis eksperti Endryu Firmanning aytishicha, kriptovalyuta KXDR kabi yopiq davlat uchun o‘ta qulay: u 24/7 global moliyaviy kirish imkonini beradi va jismoniy savdo yoki bank infratuzilmasini talab qilmaydi. Shu bois, Kim Chen In rejimi kiberxujumlar orqali daromad topishni strategik yo‘nalishga aylantirgan.

Mutaxassislar fikricha, kriptovalyutalar qiymatining o‘sishi va ularga bo‘lgan qiziqish saqlanib qolar ekan, KXDRdan kelayotgan kiberxavflar ham kamayishi qiyin.

Teglar

Mavzuga oid