add

Labubu ajiotaji so‘nmoqda: Pop Mart aksiyalari pasayish xavfi ostida

Bugun 21:151552

Bernstein tahlilchisi Labubu qo‘g‘irchoqlari atrofidagi ajiotajini «chayqovchi pufak» deb atadi va aksiyalarni sotishni tavsiya qildi.

Labubu ajiotaji so‘nmoqda: Pop Mart aksiyalari pasayish xavfi ostida

Xitoyning mashhur Pop Mart kompaniyasi tomonidan chiqarilayotgan Labubu o‘yinchoqlari atrofidagi qiziqish endi o‘z cho‘qqisiga yetgan. Bernstein’ning bosh tahlilchisi Melinda Huning fikricha, kompaniyaning yaqin kelajakdagi o‘sish imkoniyatlari cheklangan va uzoq muddatli investorlarga bu aksiyalarni sotish ma’qul.

Hu Labubu fenomeni 1990-yillar oxiridagi Beanie Babies o‘yinchoqlari atrofidagi ajiotajni esga solishini aytadi — o‘shanda moda tezda so‘ngan va o‘yinchoqlar qiymatini yo‘qotgan. Uning ta’kidlashicha, Pop Mart’ning muvaffaqiyati sun’iy taqchillik, «ko‘r quti» marketingi va qayta sotish ajiotajiga asoslangan bo‘lib, bu uzoq muddatli brendlar uchun xos emas.

Bernstein prognoziga ko‘ra, Pop Mart 2025 yilda 145 foizlik daromad o‘sishiga erishishi mumkin, biroq keyin kompaniya majburiy ravishda marketing xarajatlarini oshirishi kerak bo‘ladi — bu esa foyda marjasini pasaytiradi.

Bloomberg nashrining ma’lumotiga ko‘ra, Pop Mart aksiyalariga bo‘lgan ishonch pasaymoqda. Kompaniya aksiyalarining 2,8 foizi «short» pozitsiyada — bu so‘nggi 18 oydagi eng yuqori ko‘rsatkich. Ya’ni, ko‘plab investorlar aksiya narxi pasayishini kutib, ularni sotishga kirishgan.

Shunga qaramay, Melinda Hu hozircha Uoll stritda Pop Mart aksiyalarini sotishni tavsiya qilayotgan yagona tahlilchi hisoblanadi. Bloomberg’ning ma’lum qilishicha, kompaniya aksiyalarini kuzatayotgan 46 tahlilchidan 42 nafari «xarid qilish», 3 nafari «ushlab turish» tavsiyasini bergan.

Morgan Stanley va JPMorgan’dagi tahlilchilar Pop Mart’ning kelajagiga hali ham ishonch bildirmoqda. Ularning fikricha, kompaniya intellektual mulkka sarmoya kiritib, yangi personajlar, kino, tematik parklar va musiqachi bilan hamkorliklar orqali biznesni kengaytirishga harakat qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Labubu ajiotaji so‘nmoqda: Pop Mart aksiyalari pasayish xavfi ostida | Vaqt.uz