
Maduro Shveytsariyaga 127 tonna oltinni maxfiy chiqargan
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Venesuela hukumati moliyaviy inqiroz oldidan davlat zaxirasidagi yirik oltin hajmini yashirin ravishda Shveytsariyaga olib chiqqan.

Venesuela hukumati o‘n yil avval davlat oltin zaxirasidan 127 tonna qimmatbaho metallni maxfiy operatsiya orqali Shveytsariyaga chiqargan. Bu haqda 7-yanvar kuni «Euronews» e’lon qilgan tergov materiallarida ma’lum qilindi. Operatsiyaning asosiy maqsadi — oltinni qayta eritib, xalqaro bozorlarda sotish va valuta tanqisligini yumshatish bo‘lgan.
Shveytsariya bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, Karakas oltinni besh yil davomida qism-qism qilib mamlakatga yetkazgan. Chiqarilgan metall qiymati taxminan 4,7 mlrd shveysariya franki, ya’ni 5,05 mlrd yevro atrofida baholangan. Shveytsariya jamoat teleradiokanali SRF bu harakatlarni Nikolas Maduro hukumati tomonidan amalga oshirilgan «umidsizlik akti» deb atagan.
O‘sha davrda Venesuela iqtisodiyoti tez sur’atlarda tanazzulga uchrayotgan edi. Neft eksportidan tushadigan daromad keskin kamaygan, tashqi qarzlar esa oshib borayotgandi. Hukumat oltinni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish yoki uni garov sifatida qo‘llab, yangi kreditlar jalb etishni rejalashtirgan.
Shveytsariyaning tanlanishi tasodifiy emas. Mamlakat jahon oltin savdosining markazlaridan biri hisoblanadi va eng yirik affinaj zavodlari aynan shu yerda joylashgan. Venesuela oltini shu korxonalarda «Good Delivery» xalqaro standartiga mos holda qayta eritilgan. Bu standart metall sifati va sertifikatlarini kafolatlab, uni sotishni ancha osonlashtiradi.
Shunga qaramay, reja o‘zini oqlamagan. 2017 yilga kelib Venesuela tashqi qarzlarini to‘lay olmay qoldi va amalda defolt holatiga tushdi. Bugun mamlakat tashqi qarzi taxminan 170 mlrd dollarga teng bo‘lib, bu yillik YAIMdan ikki barobar ko‘p. Mutaxassislar Venesuela iqtisodiyotini deyarli vayron bo‘lgan, deb baholamoqda.





