
Maduroning eng yaqin ittifoqchisi Tramp bilan ishlaydimi?
Nikolas Maduro qo‘lga olinganidan so‘ng, AQSH ma’muriyati Venesuelada o‘tish davrini Maduroning eng yaqin hamkori Delsi Rodriges orqali boshqarish imkoniyatini muhokama qilmoqda.

AQSH prezidenti Donald Tramp shanba kuni o‘tkazgan matbuot anjumanida Nikolas Maduro qo‘lga olinganidan keyin Venesuelada xavfsiz va nazoratli o‘tish davri ta’minlangunicha mamlakatni AQSH boshqarishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonda AQSH davlat kotibi Marko Rubio Maduroning vitse-prezidenti Delsi Rodriges bilan muloqot olib bormoqda, deb yozmoqda BBC.
Tramp Rodrigesni «zarur deb hisoblangan qarorlarni qabul qilishga tayyor» shaxs sifatida tavsifladi. Biroq Delsi Rodrigesning o‘zi keyingi chiqishida Maduroning hibsga olinishini «o‘g‘irlab ketish» deb atab, Venesuela hech qachon boshqa davlatning mustamlakasiga aylanmasligini bildirdi. Bu ikki xil signal mamlakatda kim hokimiyatda ekani haqida savollarni kuchaytirdi.
Venesuela Konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident vazifasini bajara olmagan taqdirda vakolatlar vitse-prezidentga o‘tadi. Shu asosda Venesuela Oliy sudi Delsi Rodrigesni mamlakatning vaqtinchalik prezidenti deb e’lon qildi. Bu qaror yuridik jihatdan mantiqiy bo‘lsa-da, AQSH aralashuvidan keyingi ssenariy ko‘plab kuzatuvchilar kutganidan farq qildi.
AQSH va o‘nlab davlatlar 2024 yilgi saylovlarni soxtalashtirilgan deb baholab, Nikolas Maduroni legitim prezident sifatida tan olmagan edi. Muxolifat nomzodi Edmundo Gonsales g‘alaba qozongani haqida dalillar taqdim etilgan, muxolifat yetakchisi Mariya Korina Machado esa keyinchalik Nobel tinchlik mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Ko‘pchilik Maduro qulaganidan keyin hokimiyat muxolifat qo‘liga o‘tadi, deb kutgan edi. Ammo Tramp Machadoni qo‘llab-quvvatlamasligini ochiq aytdi va uning yetarli tayanchi yo‘qligini bildirdi. AQSH ma’muriyati esa qisqa muddatda barqarorlikni ta’minlash uchun hozircha Maduroning ichki doirasi bilan ishlashni eng kam xatarli yo‘l deb hisoblayotgan ko‘rinadi.





